
«Barselona»dan ijara asosida «Monako»da to‘p tepayotgan hujumchi Ansu Fati o‘z kelajagi borasida bir qarorga keldi.
23 yoshli futbolchi faoliyatini monegasklar safida davom ettirishni istamoqda, deb xabar bermoqda jurnalist Laya Tudel. Forvard Kataloniya klubi tomonidan keyingi hamkorlikka qiziqish yo‘qligini his qilmoqda, shu sababli ortga qaytishga umid qilmayapti. «Monako» esa o‘z navbatida ispaniyalik futbolchini 11 million yevro evaziga sotib olish huquqini faollashtirishga tayyor.
Ansu Fati joriy mavsumda Liga 1 jamoasi safida barcha musobaqalarda 27 ta o‘yin o‘tkazib, o‘z hisobiga o‘nta gol yozdirib qo‘ydi. Futbolchining «Barselona» bilan amaldagi shartnomasi 2028 yilning o‘rtalariga qadar mo‘ljallangan.