
Italiyaning nufuzli La Gazzetta dello Sport nashri tarqatgan xabarlarga ko‘ra, "Inter" himoyachisi Alessandro Bastoni faoliyatini Ispaniyada davom ettirishga juda yaqin turibdi.
Narx masalasi hal bo‘lmoqda
Dastlab "Inter" o‘z yetakchisi uchun 80 million yevro talab qilayotgan edi. Biroq so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, klub futbolchini sotishga qaror qilgan va narxni sezilarli darajada pasaytirgan. Endilikda "neradzurrilar" 50 million yevro + bonuslar ko‘rinishidagi taklifga rozi bo‘lishlari aytilmoqda. Bunday narx hozirgi moliyaviy holatda "Barselona" rahbariyati uchun ancha qulay va real ko‘rinish olgan.
Bastonining tanlovi — faqat "Barselona"
Italiyalik himoyachining o‘zi ham kelajagini faqat Kataloniya klubi bilan bog‘lamoqchi. Xabarlarda aytilishicha, Bastoni boshqa klublardan bo‘layotgan takliflarni ko‘rib chiqishni ham xohlamayapti va uning uchun yagona ustuvor yo‘nalish "ko‘k-anorranglilar" safi hisoblanadi.
Agar tomonlar kelishuvni yakuniga yetkazishsa, "Barselona" himoya chizig‘ini dunyoning eng iqtidorli markaziy himoyachilaridan biri bilan kuchaytirib oladi.