
Antuan Grizmann MLSga o‘tish borasidagi masalani keyinga qoldirdi.
Avvalroq "Atletiko" hujumchisi "Orlando Siti" klubiga o‘tishga yaqin ekani ma’lum bo‘lgan edi.
ESPN bergan ma’lumotlarga ko‘ra, fransuz futbolchisi Madrid jamoasi Ispaniya Kubogi finaliga chiqqanidan so‘ng transfer bo‘yicha muzokaralarni to‘xtatib qo‘ygan. Amerika klubi futbolchini transfer oynasi yopilguniga qadar, ya’ni 26 martgacha o‘z safiga qo‘shib olmoqchi edi.
Manbalardan birining ta’kidlashicha, ushbu taklif faqat joriy transfer oynasi uchun amal qiladi, chunki keyinchalik "Orlando"da boshqa nomzodlar paydo bo‘lishi mumkin.
Qayd etilishicha, "Atletiko" bosh murabbiyi Diyego Simeone va klub rahbariyati Grizmannning mavsum oxirigacha qolishini istashmoqda — ular futbolchini sovrin bilan kuzatib qo‘yishni maqsad qilishgan.