
«Liverpul» yaqin kelajakda «Bavariya» vingeri Maykl Olise transferini amalga oshirishi amrimahol.
24 yoshli futbolchi ingliz grandi uchun istalgan, ammo amalga oshirib bo‘lmas maqsad bo‘lib qolmoqda. Jurnalist Florian Plettenbergning xabar berishicha, «qizillar» vaziyatni o‘rganib chiqishgan, biroq kelishuvning iloji yo‘qligiga tan berishga majbur bo‘lishgan. «Bavariya» fransuz futbolchisini sotmaydi. Bundan tashqari, Myunxen klubi allaqachon o‘yinchining maoshini oshirgan holda shartnomani uzaytirish ustida ish olib bormoqda.
Shu sababli «Liverpul» boshqa bir qimmatbaho vinger — «RB Leypsig» a’zosi Yan Diomandega e’tibor qaratishga qaror qildi. 19 yoshli ivuarlik futbolchining qiymati Transfermarkt portali tomonidan 45 million yevroga baholanmoqda, biroq «qizil buqalar» uning uchun taxminan 100 million yevro talab qilishi kutilmoqda.