Pep Gvardiola: "Portugaliya futbol federatsiyasi Krishtianu Ronalduning faoliyati munosib yakunlanishini taminlashi shart"

  • Mr.NoBoDy 25.11.2026 12:16
  • 42
  • 30

"Manchester Siti" bosh murabbiyi Pep Gvardiola Portugaliya terma jamoasi va yulduz hujumchi Krishtianu Ronaldu o'rtasidagi vaziyatga munosabat bildirib, tomonlarni o'zaro kelishuvga chaqirdi.

Ispaniyalik mutaxassisning fikricha, Ronaldu terma jamoani bunday tarzda tark etmasligi kerak.

"Portugaliya futbol federatsiyasi Krishtianu Ronalduning faoliyati munosib yakunlanishini taminlashi shart. Munosib xayrlashuvni kafolatlash uchun har ikki tomon ham harakat qilishi kerak. Krishtianu Ronaldu Portugaliya terma jamoasini bunday tarzda tark etmasligi lozim - uni shunday qo'yib yuborish mumkin emas.

U nafaqat o'zi va Portugaliya uchun, balki portugaliyalik futbolchilarning kelajak avlodlari uchun ham nihoyatda muhim shaxs bo'lib kelgan. Ular Krishtianu Ronaldu o'z shartlari asosida ketishga haqli ekanini tushunishlari kerak. Noyob futbolchilar bor va Krishtianu Ronaldu ulardan biri - shuning uchun bu vaziyat albatta to'g'rilanishi zarur. Buni to'g'rilaydilarmi yoki yo'qmi, mening ishim emas, lekin ular buni qilishlari shart.

Ha, uning futbol olamida erishgan yutuqlari boshqacha yakunga loyiq. U vatandoshlarining mehrini his qiladigan bayram uyushtirilishi kerak va o'z navbatida u ham tashabbus ko'rsatib: "Keling, o'tmish sahifasini yopamiz", deyishi lozim.

Butun boshli faoliyatga bir-ikki oylik voqealar yoki bir-ikki kishi bilan yuzaga kelgan kelishmovchilik va tushunmovchilik sababli baho berilmasligi kerak. Asrab-avaylashga va himoya qilishga arziydigan yutuqlarga to'la faoliyatlar bor. O'z o'yinining eng yuqori cho'qqisida bo'lgan buyuk futbolchilar izzat-ikrom bilan, bosh eshikdan ketishga loyiqdirlar.

Birinchidan, ular bunga sportga bergan barcha narsalari orqali erishganlar - futbolning o'zi ulardan bu etirof uchun qarzdor. Ikkinchidan esa, maydonga ilk qadamlarini qo'yayotgan va: "Men faoliyatimni Romario, Krishtianu Ronaldu, Lionel Messi, Paolo Maldini yoki tarixdagi boshqa buyuklar kabi yakunlashni xohlayman", deydigan bolalar haqqi-hurmati uchun ham shunday bo'lishi kerak", - dedi Gvardiola.

Ўхшаш янгиликлар