"Al Hilol" "Neftchi"ga qarshi o'yin oldidan ikki yetakchisini safga qaytardi. Jamoada jarohatlangan futbolchilar ham bor

  • Mr.NoBoDy 18.11.2026 18:40
  • 104
  • 30

Saudiya Arabistonining "Al Hilol" klubi Farg'onaning "Neftchi" jamoasiga qarshi Osiyo Chempionlar ligasi Elit turniri uchrashuvi oldidan ikki yetakchi futbolchisini safga qaytardi.

Klub rasmiy sayti va Saudiya Arabistonining "Ar-Riyoziya" nashri ma'lumotlariga ko'ra, jamoa sardori Salim ad-Dovsariy hamda braziliyalik vinger Gabriel Martinelli jarohatlaridan tuzalib, umumiy guruh mashg'ulotlariga qo'shilgan.

Ad-Dovsariy tizzasidagi jarohat sabab so'nggi uchrashuvlarni o'tkazib yuborgan va Saudiya Arabistoni terma jamoasining noyabr oyidagi yig'iniga ham jalb etilmagan edi.

Martinelli esa 23 oktyabr kuni "Al Qodisiya"ga qarshi Saudiya Arabistoni chempionati uchrashuvida sonning orqa qismi mushaklaridan jarohat olgan. Braziliyalik futbolchi tibbiy va jismoniy sinovlardan muvaffaqiyatli o'tib, 23 noyabr kuni "Neftchi"ga qarshi bahsda ishtirok etish uchun shifokorlar ruxsatini olgan.

Biroq Simone Inzagi boshchiligidagi jamoada jarohatlar bilan bog'liq muammolar ham saqlanib qolmoqda.

Fransiyalik yarim himoyachi Saymon Buabre OCHL Elit turnirida "Shabab Al Ahli"ga qarshi uchrashuvda sonning orqa qismi mushaklaridan ikkinchi darajali jarohat olgan. "Al Hilol" tibbiy shtabi uning 6–8 haftaga safdan chiqqanini tasdiqlagan. Shu tariqa, futbolchi Farg'onadagi bahsda ishtirok etmaydi.

Shuningdek, Saudiya Arabistoni terma jamoasining Qatardagi yig'inida jarohat olgan himoyachi Muhammad Mahzariy ham klub ixtiyoriga qaytgan. 16 noyabr kuni o'tkazilgan tibbiy tekshiruvlar uning sonning orqa qismi mushaklaridan jarohat olganini tasdiqladi. Futbolchiga bir haftalik davolanish va tiklanish dasturi belgilangan. Uning "Neftchi"ga qarshi maydonga tushishi hozircha aniq emas.

"Al Hilol"ning yana bir a'zosi Sulton Mandash ham milliy terma jamoa mashg'ulotida xuddi shu mushakda og'riq sezgan. U O'zbekistonga qarshi 17 noyabrdagi o'rtoqlik uchrashuvini o'tkazib yuborishi tasdiqlangan. Biroq futbolchining 23 noyabrga qadar tiklanish-tiklanmasligi haqida rasmiy ma'lumot berilmagan.

Ijobiy yangiliklar qatorida himoyachi Hamad al-Yamiyning jarohatdan tuzalib, umumiy mashg'ulotlarga qo'shilgani va portugaliyalik yarim himoyachi Ruben Neveshning sog'ayganini ham qayd etish mumkin.

"Al Hilol" 14 noyabr kuni o'n kunlik tanaffusdan keyin mashg'ulotlarni qayta boshlagan. Saudiya klubi OCHL Elit turniri G'arb mintaqasida to'rt o'yindan so'ng 9 ochko bilan ikkinchi o'rinda bormoqda.

Eslatib o'tamiz, "Neftchi" – "Al Hilol" uchrashuvi 23 noyabr kuni Farg'onadagi "Istiqlol" stadionida bo'lib o'tadi. Bahs Toshkent vaqti bilan soat 18:45 da boshlanadi.

Ўхшаш янгиликлар