"Terma jamoada hech kimning joyi kafolatlanmagan, maqsadimiz Jahon chempionatiga chiqish" - Kotrina Kulbite ishtirokidagi matbuot anjumani

  • Mr.NoBoDy 18.11.2026 15:08
  • 111
  • 30

O'zbekiston ayollar terma jamoasi 2027 yil Braziliya mezbonlik qiladigan Jahon chempionati pley-off bahslariga kirishmoqda.

Bugun O'FA anjumanlar zalida O'zbekiston ayollar terma jamoasi bosh murabbiyi Kotrina Kulbite va yetakchi o'yinchi Lyudmila Karachik ishtirokida matbuot anjumani bo'lib o'tdi.

"Barchani ko'rib turganimdan xursandman. Bu yil O'zbekiston ayollar terma jamoasi uchun musobaqalarga boy o'tmoqda. Osiyo Kubogi, Osiyo o'yinlari, o'rtoqlik uchrashuvlarida qatnashdik. Jahon chempionatiga pley-off - muhim musobaqa, maqsadimiz final bosqichiga yo'llanma olish. Osiyo Kubogida to'g'ridan-to'g'ri yo'llanma ololmadik, bu safar imkoniyatimiz bor. Guruhimizda kontinental raqiblar o'rin olgan", - deydi Kotrina Kulbite.

- Sizning davringizda terma jamoamiz qanchalik o'sishga erisha oldi? Hozirgi darajamizga real baho bera olasizmi?

- Biz vaziyatni tushunib turibmiz. Osiyo kuboklarida tarixiy natijalar qayd etdik, bunda futbolchilarning hissasi katta. O'ylaymanki, oldindagi Jahon chempionati saralashida ham maqsadimizga erishamiz.

- Oldindagi o'yinlarda yaxshi natija qayd etish uchun nima ishlar qilinmoqda va tayyorgarlikda qaysi jihatlarga e'tibor qaratilyapti?

- Butun yil davomida yaxshi tayyorgarlik ko'rishga harakat qildik. Juda ko'p o'rtoqlik uchrashuvlarida maydonga tushdik. Pley-off turniriga munosib tarzda tayyorgarlik ko'rib boryapmiz.

- Raqiblar qanchalik o'rganildi?

- Pley-offdagi terma jamoalarni Osiyo jamoalari bilan solishtirib bo'lmaydi. Har bir terma jamoa o'ziga yarasha kuchli. Yaqin oradagi o'yinlarini ko'rib chiqdik. Qanchalik o'rganmang, baribir o'z o'yiningizdan kelib chiqib ish tutasiz. Murabbiylar shtabi o'z vazifasini bajardi, raqiblar haqida ma'lumotlar yig'ildi, endilikda ularni futbolchilarga etkazamiz.

photo_2026-11-18_14-55-37.jpg

- O'zbekiston ayollar Oliy ligasiga qanday baho berasiz? Kuchli chempionatsiz kuchli terma jamoa yaratib bo'lmaydi...

- Oliy liga yildan-yilga o'sib boryapti. Bunga vaqt kerak. Masalan, Sevinch jamoasi OCHLda keyingi bosqichga yo'llanma oldi. Tarkibimizdagi faqat 2 nafar futbolchi legioner, qolganlar O'zbekiston klublarida to'p tepmoqda.

- Lyudmila, jamoadagi ichki muhit qanday?

- Muhit yaxshi, oldinda bizni muhim o'yinlar kutmoqda. Jamoa a'zolarining kayfiyati pozitiv.

- Terma jamoamizning zaxira imkoniyatlari qanday?

- Terma jamoada hech kimning joyi kafolatlanmagan. Biz chaqirgan futbolchilarga birdek ishonamiz, kim o'zini ko'rsatsa, ko'proq vaqt beriladi. Kim kamroq o'ynayotgan bo'lsa, demak, ko'proq ishlashimiz kerak. Yosh futbolchilar tajriba orttirishlari talab etiladi.

- Yil davomida ko'ryapmizki, terma jamoada 25–30 talik bir xil tarkib shakllanib qolgan. Oliy ligamizda esa yaxshi futbolchilar ko'p...

- Terma jamoaga bosh murabbiy bo'lganimdan beri 52 nafar futbolchini chaqirganman. Turnirlar juda ko'p, orada bitta yig'in qilamiz yoki yo'q - musobaqalar boshlanib ketadi. O'zim uchun 25–26 talik tarkibni belgilab olgan bo'lsam, ular o'zlarini ko'rsatganlar. Biz yosh futbolchilar ko'pligini tushunib turibmiz. Ko'rib turganingizdek, muhim musobaqalarimiz bor. Hammani birdek sinovdan o'tkazish uchun vaqt kam, lekin juda ko'p futbolchilarni ko'rikdan o'tkazdik.

-

Ўхшаш янгиликлар