Noyer mavsumni oxirigacha etkazib, 2027 yilning yozida faoliyatini yakunlamoqchi

  • Mr.NoBoDy 12.11.2026 15:48
  • 192
  • 30

"Bavariya" darvozaboni Manuel Noyer jarohati tufayli faoliyatini muddatidan oldin yakunlashni rejalashtirmayapti va 2026/27 yilgi mavsumni oxirigacha etkazib qo'ymoqchi.

Bu haqda “Sky Sports” muxbiri Florian Plettenberg xabar berdi.

Manbaning xabar berishicha, 40 yoshli germaniyalik posbon katta ehtimol bilan 2027 yilning yozida faoliyatini tugatadi. Shu bilan birga, darvozabon jarohatidan forig' bo'lib, kelasi yilning boshida Myunxen jamoasining asosiy tarkibiga qaytishni mo'ljallamoqda.

"Bavariya" rahbariyati jarohat sabab Noyerga bosim o'tkazmoqchi emas. U safga qaytgach, klub mavsum oxirigacha unda asosiy darvozabon maqomini saqlab qolishni rejalashtirmoqda. Yozda esa Yonas Urbig myunxenliklarning birinchi raqamli posboniga aylanishi kerak.

Eslatib o'tamiz, Noyer 7 noyabr kuni Bundesliganing 9-turidan o'rin olgan "Maync"ga qarshi o'yinda (2:1) o'ng oyoq kafti payining qisman uzilishi jarohatini olib, tanaffus arafasida almashtirilgandi. "Bavariya" futbolchining tiklanish muddatini rasman e'lon qilmagan.

Noyer Myunxen klubi safida 2011 yildan buyon o'ynab kelmoqda. U joriy mavsum 9 ta o'yinda maydonga tushib, 4 ta bahsda darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi. Darvozabon hisobida 13 ta Germaniya chempionligi, oltita mamlakat kubogi va Chempionlar Ligasidagi ikkita g'alaba mavjud.

Ўхшаш янгиликлар