Maktominey JCH-2026’dagi ilk o'yinidan ikki kun avval yuragida amaliyot o'tkazgan

  • Mr.NoBoDy 12.11.2026 12:16
  • 174
  • 30

Shotlandiya terma jamoasi yarim himoyachisi Skott Maktominey 2026 yilgi mundialning Gaitiga qarshi ilk o'yinidan ikki kun oldin yurakka elektr ta’sir o'tkazish muolajasidan o'tishga majbur bo'lgani haqida aytib berdi.

"Men 100 foiz tayyor edim, lekin JCHning birinchi o'yiniga ikki kun qolganida kasalxona karavotida narkozga tayyorlanib yotishga to'g'ri keldi. Puxta tayyorgarlik ko'rgandim, ajoyib formada edim va to'satdan shunday holat yuz berdi. Bunday paytda: "Nega aynan men bilan shunday bo'ldi?" deb o'ylab qolasan. Bu hech qanday bahona emas, lekin ortga nazar tashlab, o'zingga: "Xo'sh, bu jarayonning bir qismi", deyishing kerak.

Jahon chempionati o'tganidan so'ng kamida ikki-uch hafta tushkun kayfiyatda yurdim va ruhan o'zimga kela olmadim. Tinchlanish va dam olish uchun menga vaqt kerak bo'ldi. Mundialdan keyin faoliyatimdagi eng katta umidsizlikni boshdan kechirdim desam bo'ladi. Men doim voqealarga optimistik ruhda qarashga harakat qilaman, ammo bu safar o'zimga kelishim uchun bir necha hafta kerak bo'ldi", – deya Maktomineyning so'zlarini keltiradi “Sky Sports”.

Sentyabr oyida "Napoli" yarim himoyachisi Manchestyerda yurakning engil aritmiyasini davolashga qaratilgan kateter ablyaciyasi muolajasini ham o'tkazgan edi.

Ўхшаш янгиликлар