
Andrey Shipilov: “Bahsni juda yaxshi boshladik. 23-daqiqagacha 3 ta 100% lik imkoniyatga ega bo'ldik. OKMK uyg'onmagandi, vaziyatlardan unumli foydalana olmadik. Kecha yigitlarga bizda 2-3 ta vaziyat bo'lishi va undan foydalanib qolish kerakligi haqida aytgandim. Ura olmadik. Kichkina Qosimov hisobni ochdi. 42-daqiqada bir kishi kam bo'lib qoldik. Ikkinchi bo'limda OKMK bir kishi ko'p bo'lib o'ynadi. Imkoni boricha tartibli himoyalanib, qarshi hujumlardan foydalanishga urindik. Jamoa ikkinchi bo'limdagi o'yini orqali gol ura oldi, ammo o'tkazib yuborgan golimiz… Mantiq topa olmayapman. Inson faktori bor bo'lsa kerak. Boshqa hech narsa deya olmayman, ammo bugun mag'lubiyatga munosib emas edik. Futbol xatolardan iborat, kim kamroq xato qilsa, g'alaba qozonadi.
- O'yinda ikkita muhim vaziyat sodir bo'ldi. Birinchisi jamoangizning qizil kartochkasi, ikkinchisi esa oxirgi daqiqalarda “Qo'qon-1912” urgan gol. O'sha paytda hayolingizdan nimalar o'tdi?
- Oddiy odamniki kabi reakciya bo'ldi. Bunday poziciyada o'ynaydigan futbolchi mas'uliyatli va ehtiyotkor bo'lishi lozim. U jamoani og'ir ahvolga solib qo'ydi. Keyin 45 daqiqa o'ynab, gol urishga muvaffaq bo'ldik. Hech bo'lmasa 1 ochko olib ketish uchun umid paydo bo'ldi. Bahs tugashiga 4 daqiqa qoldi. Ahmoqgarchilik, shunchaki ahmoqgarchilik…
Bu o'yinga 7 kun tayyorlanasiz va… O'z ishiga bunday munosabatda bo'lish kerak emas. Uyga qaytib, suhbatlashamiz. Golni ko'rdim, g'ayrioddiy zarba emas, qaytarsa bo'lardi.
- Superligada muhim pallada jamoasi joniga oro kiradigan darvozabonlar bor. Masalan “Surxon”da Merganov, “Xorazm”da Ergashev… Avval “Qo'qon-1912” ham shunday jamoa edi. Aziz Isakov ketganidan so'ng darvoza chizig'ida muammolar boshlandi.
- Darvozabonimiz bizga ko'p yordam bergan. Gol o'tkazsak darvozabonni ayblashadi. To'g'ri, yaxshi posbon 95% muvaffaqiyat degani. Biroq futbolchilar ham darvozabonga yordam berishi kerak. 1:0 paytida ham u bizni qutqardi. Ha, qo'pol xato bo'ldi, ammo siz sanab o'tgan jamoalar ham kuchli beshlikda emas. Ular ham xato qiladi. Chempionatimizda “devor” darvozabonlar bor deya olmayman. Terma jamoa, Chempionlar ligasi o'yinlari bo'lib o'tmoqda. Bu mavzuda ortiqcha gapirish niyatim yo'q. Darvozabon qutqarishi haqidagi gapingizga qo'shilaman.
- “Qo'qon-1912” raqibga Xg bo'yicha imkon berishda 3-o'rinda. Darvozabon… u ham yomon natijalarga ega. Jamoangiz ikkinchi bo'limda yaxshi o'ynadi, hisobni tenglashtirdi va bahs oxirida statistikalarni “oqlab”, gol o'tkazib yubordi.
- Bu birinchi o'yin emas. Ko'p o'yinlarda ochko yo'qotdik. Adashmasam 12-14 ochko “sovg'a” qilganmiz. Xatolarimiz bo'lmaganida jadvalda yuqoriroq turgan bo'lardik. Samarqandda yaxshi natijaga erishishimiz mumkin edik, uyda ham “Dinamo” bilan shunday bo'ldi.
- Kompyuter hisob-kitobiga ko'ra 8 ochkoni qo'ladan chiqargansiz.
- Kompyuter ham adashadi, unga virus tushishi mumkin. Eng yaxshi uslub bu qog'oz va qalam.