iks
ads

Ilyos Zeytullaev: "Bu o'yinda umrimning 2–3 yilini yo'qotdim"

  • Mr.NoBoDy 24.10.2026 20:32
  • 2095
  • 30

Proliganing 24-turidan o'rin olgan "Yaypan" – "Kattaqo'rg'on" (0:1) o'yinidan so'ng mehmonlar bosh murabbiyi Ilyos Zeytullaev matbuot anjumanida ishtirok etdi.

– O'yin haqida fikrlaringiz?
– Muxlislarimizga stadionga kelib, bizni qo'llab-quvvatlaganlari uchun katta minnatdorchilik bildiraman. Ular biroz kechikibroq kelishdi, ammo ikkinchi bo'limda ularning qo'llab-quvvatlovini his qilganimizdan so'ng, yigitlar borini berib harakat qilishdi, chunki bugungi g'alaba biz uchun juda muhim edi. Buni "Kattaqo'rg'on"ning eng yaxshi o'yinlaridan biri deb bo'lmas, ammo bu haqiqiy irodali g'alaba bo'ldi. Hozir biz faqat natija uchun o'ynayapmiz. Shu o'rinda "Yaypan" jamoasini ham tabriklab o'tmoqchiman: yosh yigitlar tirishqoqlik bilan chiroyli futbol namoyish etishmoqda, shu sababli o'yin juda qiziqarli kechdi. Qattiq hayajonlanganimdan, umrimning 2-3 yilini yo'qotgan bo'lsam kerak. Hozir oldimizda pley-off bosqichiga yo'llanma olish vazifasi turibdi va biz muxlislarimizni xursand qilish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solamiz.

– Muhriddin Zoirov zaxiradan o'yinga qo'shildi va gol urdi. Shu futbolchi haqida fikringiz qanday?
– U juda yaxshi, qatiyatli va darvozani yaxshi ko'ra oladigan o'yinchi. Biroq, afsuski, uning to'pig'ida kichik jarohati bor. Shu sababli unda maydonda harakat qilish uchun faqat 20-25 daqiqa vaqt bor edi va u maydonga tushganida borini berib o'ynadi. Shuningdek, zaxiradan maydonga tushib, o'yinni kuchaytirgan boshqa yigitlarni ham etirof etgan bo'lardim. Bunday yutuqlar – jamoaviy g'alabadir. Chunki barcha yigitlar "bir kishi hamma uchun, hamma bir kishi uchun" tamoyili asosida kurashdilar. Maydon holati juda og'ir, "Yaypan"ga qarshi ularning o'z maydonida o'ynash oson emas. Shunday bo'lsa-da, yigitlar o'z vazifalarini bajarishdi. Endi keyingi, o'ta muhim o'yinga tayyorgarlik ko'ramiz.

– Yana shunga to'g'ri keldiki, oldinda "Paxtakor" va "Neftchi" Elita ligasida, yani Osiyo Chempionlar ligasida o'ynaydi. Ayni shu ikkala o'yin haqida fikringiz qanday?
– O'ylaymanki, bunday yuqori darajaga chiqqanda jamoamizda nimalar yaxshi ishlayotganini va nimalar yetishmayotganini aniq tushunib olishimiz mumkin bo'ladi. Chempionlar ligasida o'yin ritmi va intensivlik keskin oshadi. O'zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro ham O'zbekiston chempionatida intensivlikni oshirish kerakligi haqida bir necha bor takidlagan. Bugun hakamlarning o'yinni boshqarishi menga manzur bo'ldi, chunki "o'lik vaqt" juda kam bo'ldi va bu 95 daqiqa davomida intensivlikni yuqori darajada ushlab turishga yordam berdi. Jamoalar kam vaqt yo'qotganda va o'yin vaqti ataylab cho'zilmaganda, uchrashuv yuqori ritmda o'tadi. Fikrimcha, biz O'zbekiston chempionatida – Superligada ham, Proligada ham – o'yin ritmi va intensivligini oshirishimiz zarur. Shundagina yuqori darajada raqobatlasha olamiz. Chunki "Neftchi" ham, "Paxtakor" ham tarkib jihatidan Chempionlar ligasida o'ynashga to'la munosib, juda kuchli jamoalar hisoblanadi.

– Ilyos Zeytullaev "Kattaqo'rg'on"da faoliyatini davom etadigan bo'lsa, oldindagi rejalar haqida o'rtoqlashsangiz.
– Men kelganimdan buyon bu jamoaning to'rtinchi o'yini. "Metallurg"dan uchralgan texnik mag'lubiyatni hisobga olmaganda, biz ish boshlagan vaqtdan beri yigitlar 10 ochko jamg'arishga muvaffaq bo'lishdi. Hozircha 3 ta o'yinda g'alaba qozondik va bitta durang qayd etdik. Bu juda yaxshi natija. Asosiy vazifamiz – pley-off yo'llanmasini qo'lga kiritish. Agar buning uddasidan chiqsak, kuchli raqobat ko'rsatib, Oliy ligaga chiqishga harakat qilamiz. Bu bizning bosh maqsadimizdir. Oson bo'lmaydi, lekin urinib ko'ramiz. Keyingi yil uchun esa jamoani shakllantirish, uning o'ziga xos o'yin uslubini yaratish, muayyan tamoyillarni singdirish hamda Kattaqo'rg'on va Samarqand viloyatida futbolni rivojlantirish ustida ishlaymiz. Bu bizning asosiy maqsadimiz va vazifamizdir.

– "Kattaqo'rg'on"ning hozirgi darajasi klub sifatida Superliga darajasiga mos. Lekin klub infratuzilmasi Superliga talablariga javob beradimi?
– Bu endi, albatta, o'rinli va juda yaxshi savol. O'ylaymanki, klub rahbariyati ayni paytda bu borada ish olib bormoqda. Superligaga chiqish vazifasini qo'yish uchun, avvalo, infratuzilmani to'g'ri tashkil etish va barcha tizimni yo'lga qo'yish zarur. Shuning uchun rahbariyat buning ustida ishlamoqda va yaqin kelajakda barcha sharoitlar yaratilishiga vada berishgan. Hozirgi kunda O'zbekistonda futbol tobora ommalashib borayotgan chekka hududlarga alohida e'tibor qaratilayotganidan juda mamnunman. Bolalar Husanov, Fayzullayev kabi futbolchilarni ko'rib, ularga havas qilgan holda futbol o'ynashlari va ulkan maqsadlar sari intilishlari kerak. Kattaqo'rg'on va Orolbo'yi kabi mintaqalarda futbolni shunday yaxshi rivojlantirib, yoshlarga imkoniyat yaratib berishayotgani quvonarli holat. Men futbolni sevaman va O'zbekistonda bunday ijobiy o'zgarishlar yuz berayotgani menga juda yoqadi.

Ўхшаш янгиликлар