
«Barselona» va «Bavariya»ning sobiq hujumchisi, ayni paytda AQSHning «Chikago Fayr» klubida to‘p surayotgan Robert Levandovski «Oltin to‘p» uchun asosiy da’vogarlar haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Polshalik futbolchi favoritlar qatorida sobiq jamoadoshi Lamin Yamalni qayd etdi. Shuningdek, u «Bavariya» safida harakat qilayotgan Harri Keyn va Maykl Olisening o‘yinlarini alohida e’tirof etdi.
«Albatta, men Laminning «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritishini istayman. U ajoyib futbolchi, ayniqsa, yoshini hisobga olsak.
Harri Keyn «Bavariya»ga faoliyatining eng gullagan davrida keldi. Uning qilayotgan ishlari hayratlanarli. Qancha gol urayotganiga qarang! Men jamoani tark etganimdan keyin «Bavariya»ga shunday hujumchi yetishmayotgan edi. Keyn bilan jamoa haqiqatan ham juda yaxshi o‘ynayapti.
Olise haqida esa faqat «Vau!» deyishim mumkin. U o‘yin taqdirini o‘zgartirishga qodir futbolchi. Menimcha, Keyn, Olise va Diasning o‘zaro hamkorligi, harakatlari — ideal uyg‘unlik.
O‘tgan mavsumdagi o‘yinlariga qaraydigan bo‘lsak, «Bavariya»ga faqat Chempionlar ligasi sovrini yetishmadi. Agar ular o‘tgan yili Chempionlar ligasida g‘olib bo‘lishganida, bu 2020 yilda biz barcha sovrinlarni qo‘lga kiritgan mavsumga o‘xshash tarzda baholanishi mumkin edi. Chunki ular juda ajoyib futbol namoyish etishdi.
So‘nggi bir-ikki yilda Bundesligada men o‘ynagan davrga nisbatan biroz o‘zgarishlar bo‘ldi. Masalan, «Bavariya»ning «Leypsig»ni 6:1 hisobida mag‘lub etganini olaylik. Balki bunday natija chempionat uchun eng yaxshi holat emasdir. Ammo «Bavariya»ning rivojlanishi hayratlanarli. Ularning tajribasidan o‘rganish mumkin, boshqa jamoalar ham ulardan namuna olishga harakat qilishlari mumkin.
Oliseni buyuk kelajak kutmoqda. Bilaman, hamma Lamin haqida gapiradi. Ammo men ba’zan boshqa futbolchilarga ham e’tibor berishga, hali hamma payqamagan jihatlarni ko‘rishga harakat qilaman.
Agar Olise Jahon chempionatida bir-ikkita gol urganida, u ham Lamin yoki Harri Keyn kabi «Oltin to‘p»ning asosiy favoritlaridan biriga aylangan bo‘lardi.
Uning qarorlari mukammal: u vaziyatni his qiladi, qachon zarba berish, qachon pas uzatish va qanday pas berish kerakligini yaxshi biladi. Laminning o‘yinini tomosha qilish menga juda yoqadi. Olisening harakatlarini kuzatish ham birdek zavqli», — deya Levandovskining so‘zlarini keltiradi The Athletic nashri.