
«Inter Mayami» argentinalik hujumchisi Lionel Messi faoliyatining katta qismini o‘tkazgan va ko‘plab jamoaviy hamda individual sovrinlarni qo‘lga kiritgan «Barselona» klubi u uchun qanday ahamiyatga ega ekani haqida gapirdi.
«Men uchun «Barselona» nimani anglatadi? Bu klub bilan bog‘liq shunchalik ko‘p go‘zal xotiralar borki, uning ahamiyatini bir necha so‘z bilan ifodalash qiyin.
Men bu shahar va klubga nisbatan juda o‘ziga xos mehrni his qilaman. «Barselona»da biz barcha sovrinlarni qo‘lga kiritish baxtiga muyassar bo‘ldik. Bu nafaqat erishgan natijalarimiz, balki ularga qanday yo‘l bilan erishganimiz, o‘yindan, g‘alabalardan va muhim marralarni zabt etishdan qanchalik zavq olganimiz bilan ham bog‘liq.
Ammo eng muhimi — kundalik hayotning mayda tafsilotlaridan, mashg‘ulotlardan va birgalikda o‘tkazgan go‘zal lahzalarimizdan zavq olish edi», — deya Messining so‘zlarini keltiradi All About Argentina nashri o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.