iks
ads

Markus Forss: "Osiyo Chempionlar ligasida g'alaba uchun jonimizni berishga tayyormiz"

  • Mr.NoBoDy 18.10.2026 19:40
  • 1427
  • 30

"Neftchi"ning finlyandiyalik hujumchisi Markus Forss klub matbuot xizmatiga intervyu berdi.

– Markus, Farg'onaga va "Neftchi" oilasiga xush kelibsiz. Siz Finlyandiyaning go'zal Turku shahrida tug'ilib, o'sgansiz. Skandinaviyadagi bolalik yillaringiz qanday o'tgan edi?

– Juda sokin va ajoyib shaharda tug'ilganman, meni o'sib ulg'aytirgani uchun bu shaharga kattakon rahmat aytaman.

– Siz futbolchilar oilasidan chiqqansiz – bobongiz ham, otangiz ham professional futbolchi bo'lgan. Futbolda dastlabki qadamlaringizni necha yoshda qo'ygansiz va futbol yo'lini tanlashingizga oilangizning qanchalik ta’siri bo'lgan?

– To'rt yoshimdan boshlab futbol bilan shug'ullanishni boshlaganman, oilam mening ilk murabbiylarim bo'lishgan va ular mening haqiqiy motivatorlarim, shuningdek, asosiy qo'llab-quvvatlovchilarimdir.

– 13 yoshingizda Angliyaga ko'chib o'tgansiz: avval "Vest Bromvich" akademiyasiga, keyin "Brentford" akademiyasiga qo'shilgansiz. Ota-onani va vatanni tark etish hamda ingliz futbol tizimiga moslashish qiyin bo'lmadimi?

– Bu men uchun hayotimdagi eng qiyin, shuning bilan birgalikda eng yaxshi qaror hamdir.

– "Neftchi"dan taklif olganingizda sizga kim maslahat berdi yoki klubga qo'shilish qaroringizning asosiy sababi nima edi?

– Menejerim menga "Neftchi" jamoasidan taklif borligi haqida aytdi, shundan so'ng u bilan bu transfer haqida suhbatlashdik, so'ngra o'zimga yangi chaqiruv sifatida ushbu taklifni qabul qildim.

– "Neftchi"dan rasmiy taklif kelishidan oldin O'zbekiston yoki o'zbek futboli haqida biror narsa bilarmidingiz?

– Ochig'i, yurtingiz futboli haqida juda oz ma'lumotga ega edim. O'zbekistonni jahon chempionatidagi o'yinlarini kuzatgandim, bundan tashqari "Manchester Siti"dagi Husanov haqida bilardim, xolos.

– "Neftchi"dagi o'zbek futbolchilaridan o'rgangan birinchi o'zbekcha so'zlaringiz qaysilar edi?

– Hali ko'p so'z o'rganmadim, rahmat so'zini o'rgandim, lekin birinchi yodlagan so'zim sut bo'ldi, sababi kofe bilan birgalikda sutdan ko'p foydalanganligim uchun ushbu so'z birinchi yodimda qoldi.

– 2020 yilda Finlyandiya terma jamoasidagi debyutingizda o'sha paytdagi jahon chempioni Fransiyaga gol urib, katta e'tiborni tortgansiz. Bugun o'sha mashhur gol haqida qanday xotiralaringiz bor?

– Fransiya darvozasiga kiritgan golim hayotimdagi eng esda qolarli vaziyat deb ayta olaman. O'ylashimcha, Fransiya ustidan qozonilgan ilk g'alabamiz o'shanda sodir bo'lgan. Bu men uchun faxrlansa arziydigan natija.

– Hozirgi "Neftchi" tarkibi va taktik uslubi Angliyadagi eng samarali mavsumlaringizda o'ynagan uslubingizga qanchalik mos keladi?

– Men tezkor va intensiv o'yin ko'rsatadigan o'yinchiman va mening o'yin uslubim "Neftchi" jamoasiga juda mos tushadi degan umiddaman.

– Yevropaning eng nufuzli turnirlaridagi muhitni boshdan kechirgan holda, endi "Neftchi" safida Osiyoning eng yirik klublar turniri – OFK Chempionlar ligasi Elitada maydonga tushasiz. Osiyo futbolidagi bu yangi va katta sinov sizda qanday motivaciya va hayajon uyg'otmoqda?

– Men Yevropada ulkan tajriba orttira oldim. O'zim uchun yangi sahifalar ochmoqchiman va yangi narsalar o'rganmoqchiman. Birinchi uchrashuvni stadiondan tomosha qildim. Atmosfera ajoyib edi. Tezroq jamoa bilan rasmiy uchrashuv o'tkazishni intizorlik bilan kutmoqdaman.

– Skandinaviya mamlakatlari sovuq va qorli iqlimi bilan mashhur. Mahalliy ob-havo va shaharga moslashish jarayoni siz uchun qanday kechdi?

– Ochig'i, Farg'ona havosidan juda rohatlanyapman. Menga bu shahar va uning ob-havosi juda yoqdi.

– Farg'onaga kelganingizdan beri qaysi mahalliy odat yoki munosabat sizni eng ko'p hayratga solgan yoki alohida xursand qildi?

– Men juda kamgap va uyalchang insonman. Bu bizning mentalitetimizga xos odat. Farg'onaliklar men bilan juda yaxshi munosabatda bo'lishyapti. Bu ko'zni quvnatadigan holat. Buning uchun ularga o'z minnatdorchiligimni bildiraman.

– Farg'ona muxlislari "Neftchi"ga cheksiz sodiqligi va ishtiyoqi bilan tanilgan. Markus Forss klub muxlislariga qanday xabar yo'llamoqchi?

– Hammasi ajoyib o'tdi. Tezroq jamoam uchun gollar kiritishni xohlayman, bundan tashqari muxlislarimizga kattakon rahmat aytaman va qo'llab-quvvatlashda davom etishlarini so'rayman. Mavsum so'ngida o'z natijalarimiz bilan muxlislarni xursand qilishga vada beraman.

– Siz bilan bir maydonda hamda Sizga qarshi harakat qilgan mashhur futbolchilar kimlar?

– Juda ko'p top darajadagi futbolchilar bilan bir maydonda to'p surganman, misol qilib Kilian Mbappe, Ayvan Toni, Eriksen kabi futbolchilarni aytib o'tsam bo'ladi.

– "Neftchi" safida Osiyoning eng yirik klublar turniri – OFK Chempionlar ligasi Elitada maydonga tushasiz. Oldinda kutib turgan uchrashuvlar haqida fikrlaringiz?

– Bu mavsum chempionlar ligasida jamoa bilan ishtirok etamiz. Bizni oldinda juda qiyin o'yinlar kutib turibdi, har bir uchrashuvda g'alaba uchun maydonga tushamiz va buning uchun jonimizni berishga tayyormiz.

– Jamoadoshlaringiz orasidagi eng quvnoq o'yinchi kim?

– Jamoadoshlarim orasida Zoran va Stipe tipi juda quvnoq o'yinchi, lekin men Ratinoni juda hazilkash va quvnoq o'yinchi deb tanlagan bo'lar edim.

– Siz bilan birga va qarshi o'ynagan Top futbolchilardan tuzilgan tarkib qanday bo'lar edi?

– Darvozabon – Raya, men u bilan "Brentford"da birga o'ynaganman. O'ng qanot himoyasida – Kunde. Markaziy himoyachilar – Van Deyk, unga qarshi "Liverpul"da o'ynaganman va Andreas Kristensen, "Chelsi"ga qarshi o'ynaganmiz, hozirda "Barselona"da. Chap qanot himoyasida – Dine. Yarim himoyada – Norgor, u bilan birga o'ynaganman, Morgan Rojers, u bilan "Vest Bromvich"da birga o'ynaganmiz, shuningdek "Midlsbro"dan Heyden Hakni. Hujumda – Mbappe, Benzema, Grizmann. Murabbiy – Tomas Frank.

Ўхшаш янгиликлар

MMA (UFC) videolar

post photo

ММА (UFC) - janglari

UFC 310 Embedded (эпизод 5)

Futbol obzorlar