Islom Ismoilov: "Doriev bugungi o'yinda umuman ko'rinmadi, unga hech qanday imkoniyat qoldirmadik"

  • Mr.NoBoDy 23.08.2026 22:24
  • 378
  • 30

Superliga 19-turdan o'rin olgan "Neftchi" – "So'g'diyona" (3:0) uchrashuvidan so'ng farg'onaliklar bosh murabbiyi Islom Ismoilov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?

- Avvalo shuni aytishimiz kerak, muhtaram Prezidentimiz tomonidan viloyat hokimi Xayrullo Hayitboevich "Fidokorona mehnatlari uchun" ordeni bilan taqdirlandi. Bu bilan viloyatimiz rahbarini tabriklaymiz hamda bugungi g'alabani shu insonga bag'ishlaymiz.

Xayrullo Hayitboevich Farg'ona futbolini ko'tarish maqsadida astoydil harakat qilib kelmoqda, oxirgi yillarda futbol rivoji uchun katta ishlarni amalga oshirdi. Kecha funbolchilar bilan gaplashganimizda ham g'alaba qozonishimiz shartligini va viloyat hokimini xursand etish maqsadimiz borligini aytgandik.

O'ylaymanki, bugun ishonchli g'alabani qo'lga kiritdik. Birinchi taymda va ikkinchi bo'limning dastlabki 20 daqiqasida tezkor, intensiv futbol namoyish etdik. 20-daqiqaga qadar ko'plab hujumlar uyushtirdik, ammo imkoniyatlardan foydalana olmadik. So'ngra bitta imkoniyatdan foydalanib gol urdik. Doimiy ravishda hujumkor o'yin ko'rsatishni o'ylaydigan bo'lsak, vaziyatlardan foydalanishimiz kerak bo'ladi. Bu borada tanaffus payti ham futbolchilarga kerakli ko'rsatmalarni berdik. Chunki har bir hujum tezlik talab qiladi.

Muxlislar niyati sifatli futbol ko'rish bo'lsa, buning yagona echimi tezlik. Tez harakat qilsakgina, o'yin sifati oshadi. Sekin futbol muxlislarga yoqmasligi aniq. Lekin o'yin tezlashganidan keyin futbolchilar ko'p kuch yo'qotyapti, har bir hujumga butun jamoa bo'lib o'tishga harakat qilyapmiz. Kerak paytda har bir o'yinchimiz bitta hujum payti 60-70 metr masofani bosib o'tyapti. Bu esa ko'p mehnatni talab qiladi.

Bugun dastlabki yigirma daqiqalikda va ikkinchi bo'limning ham dastlabki 20 daqiqasida mavsumdagi eng chiroyli o'yinlarimizdan birini namoyish etdik. Umuman o'yindan va natijadan ko'nglim to'ldi, raqibga hech qanday imkoniyat qoldirmadik. 

- Bugun Doriev har tomonlama "bog'lab" qo'yildi. Unga o'yin bermaslik uchun kimdir biriktirilganmidi?

- Yo'q, biz qaysidir o'yinchiga qarshi personal qo'ymaymiz. Bu usuldan yiroqmiz. "So'g'dina" bilan oldingi o'yinda ham Dorievni zararsizlantirish uddasidan chiqqandik. Jizzaxliklar o'yin uslubi Doriev atrofida qurilgan. Bu futbolchi o'zi gol uradi, ham gollarga assist beradi. Doriev to'pni qabul qilib olgach uch nafar futbolchi kutib olishini taminladik. Bu ishni ayniqsa qanotdagi o'yinchilarimiz a'lo darajada bajarishdi. Chunki u to'pni qabul qilgan paytda hududlarni bir vaqtda yopa oldik. Doriev bugungi o'yinda umuman ko'rinmadi, unga hech qanday imkoniyat qoldirmadik.

- Jarohat olganlar "Paxtakor" bilan o'yingacha qaytadimi?

- Bu og'riqli savol. Jamoamizda ko'plab yetakchi o'yinchilar yo'q, ularning o'rni beqiyos. Biz ham tezroq safga qaytishlarini kutyapmiz. Katta ehtimol bilan bu qiyin holat. Lekin shifokorlar ishlashyapti, hamma maksimal darajada harakat qilyapti. Jarohat olgan futbolchilarimiz "Paxtakor" bilan o'yingacha safga qaytishlarini umid qilib qolamiz. O'yin uslubimiz shakllanayotgan bir paytda futbolchilarning safdan chiqishi rejalarimizga ta’sir qiladi. Shunga qaramay maydonga tushayotganlar bor kuch bilan harakat qilmoqda.

- So'nggi o'yinlarda ko'ryapmizki, "Neftchi" asosan qanotlar orqali hujum qilyapti. Bu siz tanlagan taktikami yoki raqib o'yinidan kelib chiqib shunday yo'l tutyapsizmi?

- Aslida biz qanotlardan hujum qilishni yoqlamaymiz. Shaxsan o'zim buning tarafdori emasman. Mashg'ulotlarda bu borada deyarli ishlamaymiz. O'yindan oldingi ko'rsatmalarda ham bu haqda gapirmaymiz. Maqsadimiz tezroq darvozaga yo'l topish. Aksar jamoalar bizga qarshi chuqur himoyalanyapti. Kerak paytda o'n kishi bo'lib himoyaga o'tyapti. Shunaqa payt nailoj qanotlar orqali hujum qilyapmiz. Agar qanotlardan uzatiladigan to'plar foydamizga ishlasa, bundan xursand bo'lamiz. Lekin afsuski, bu bo'yicha oqsayapmiz.

_JP88186.JPG

Ўхшаш янгиликлар