"Metallurg" murabbiyi: "Raqibni atroflicha tahlil qilib, puxta tayyorgarlik ko'rgan edik"

  • Mr.NoBoDy 16.08.2026 00:16
  • 412
  • 30

"Metallurg" murabbiyi Ilyos Qurbonov Proliga 15-tur doirasida "Respublika FA"ga qarshi o'yindan so'ng (3:1) matbuot anjmunida ishtirok etdi.

– Bugungi o'yin haqidagi fikrlaringizni aytib o'tsangiz.

– Bugungi bahsning qiyin o'tishini oldindan sezgan va bilgan edik. Sababi, biz raqibni atroflicha tahlil qilib chiqdik. Ularda yaxshi jamoa shakllangan, asosan hujumkor futbol namoyish etishadi va tartibli o'yin ko'rsatishadi. Shu bois, biz ham ushbu uchrashuvga puxta tayyorgarlik ko'rgan edik.

Birinchi bo'limda, standart vaziyatda gol o'tkazib yuborganimizdan so'ng, tanaffus vaqtida futbolchilarga kerakli ko'rsatmalarni berdik. Ikkinchi bo'limda ular maydonga chiqib, berilgan ko'rsatmalarni aniq bajarishdi va shuning evaziga g'alaba qozondik.

– Murabbiylar shtabidagi faoliyatingiz davomida amalga oshirgan o'zgarishlar haqida so'ramoqchi edim. Bugun asosiy tarkibda, odatda ikkinchi bo'limda maydonga tushadigan Maksvellni maydonga tushirdingiz. Iminjonovni chap qanotda, Jasur Hakimovni hujumchi ortida o'ynatganingizdan so'ng, oldingi chiziqda ham sinab ko'rdingiz. Umuman olganda, tarkibda amalga oshirilgan ushbu o'zgarishlar haqida nima deya olasiz?

– Tarkibdagi o'zgarishlarga to'xtalsak, bundan oldingi ikki turda Maksvell zaxiradan maydonga tushib, o'yinga juda tez kirishib ketdi va ijobiy natija ko'rsatdi. Shuni hisobga olib, bugungi uchrashuvda unga asosiy tarkibda o'ynash imkoniyatini yaratib berdik. Navro'z Iminjonovni esa chap qanot hujumiga o'tkazdik.

Aslida, Maksvell birinchi davradan so'ng biroz ko'proq hordiq chiqargan edi, shu sababli u hali to'liq sport formasini tiklab ulgurmagandi. Biroq o'yinlar orqali u o'z holatini yaxshilab oldi va o'ylaymanki, keyingi bahslarda ham asosiy tarkibda harakat qiladi.

– Bugun zaxiradan maydonga tushgan Asadbek Karimovning harakatlari haqida to'xtalsangiz. U o'yinga juda yaxshi qo'shildi, birinchi golni kiritib, hisobni tenglashtirdi. Shuningdek, Azizbek Abdumo'minovning almashtirilishi sababi nimada edi?

– Azizbek Abdumo'minov jamoamizga ikkinchi davradan boshlab kelib qo'shildi va o'yinlarimizga juda tez moslashib ketdi. U to'rtta uchrashuvda uchta gol urishga muvaffaq bo'ldi. U yosh va kelajagi porloq futbolchi hisoblanadi.

Biroq yoshligi sababli futbolchilar doim ham barqaror o'yin namoyish eta olmasligi mumkin. Shuni inobatga olib, ikkinchi bo'limda uning o'rniga, o'yinni kuchaytirish maqsadida Asadbek Karimovni maydonga tushirdik. O'ylaymanki, biz amalga oshirgan ushbu zaxira almashtirishi o'zini to'la oqladi.

Ўхшаш янгиликлар