
– Bugungi o'yin haqida fikrlaringiz qanday?
– "Aral" jamoasini g'alaba bilan tabriklayman. Juda ham qiziqarli va keskin kurashlarga boy o'yin bo'ldi. Yigitlar yaxshi harakat qilishdi. Birinchi bo'limda yaxshigina imkoniyatlarimiz bo'ldi. Futbolda: "Sen urmasang, senga urishadi", degan gap bor. Birinchi bo'limning o'zida bizda ko'plab imkoniyatlar yuzaga keldi, biroq ulardan foydalana olmadik. Natijada o'zimiz gol o'tkazib yubordik. Bu kamchiliklar ustida ishlashimiz kerak. Ikkinchi bo'limni ham yaxshi boshladik. Penalti masalasini muhokama qilmoqchi emasman, hakamlarimiz vaziyatga yaqin edi. Mutasaddilar bunga o'z bahosini berishadi. Umuman o'yinga keladigan bo'lsak, yigitlar yaxshi o'ynadi, yaxshi kurashdi. Shuni takidlamoqchi edimki, biz o'yin tomonlama yutqazganimiz yo'q.
– Jamoa birinchi bo'limda yaxshi harakat qildi, bosim uyushtirdi. Ikkinchi bo'limning 60-daqiqalaridan keyin jamoa charchab qolgandek taassurot uyg'otdi. Yigitlarda jismoniy jihatdan kamchiliklar kuzatilgandek tuyuldi. Bunga qanday izoh berasiz?
– Faqat bizning jamoa emas, raqiblar ham charchadi. Chunki ular ham o'zgarishlarni amalga oshirishdi. Har ikki jamoada ham 5 tadan futbolchini almashtirish imkoniyati bor. Ularning zaxiradan maydonga tushgan o'yinchilari charchaganlarning o'rnini yaxshi to'ldira oldi. Zaxiradan maydonga tushgan ayrim o'yinchilarimiz esa o'yinga kirishib keta olmadi: kimdir yaxshi harakat qildi, kimdir esa o'z o'yinini ko'rsata olmadi. Shu sababli bizda shunday muammo yuzaga keldi.
– Jamoaning birinchi bo'limdagi o'yinini kuzatdik. Ozgina qulay vaziyat bo'lishi bilan ko'proq uzoqdan berilgan zarbalarga guvoh bo'ldik. "Sho'rtan"ga qarshi o'yinda ham, adashmasam, uzoqdan ikkita gol urilgan edi. Bu o'yinda ham aynan shu usuldan foydalanildimi yoki "Aral" jamoasi himoyasini yorib o'tish qiyin kechdimi? Bunga qanday baho berasiz?
– Ikkala fikringiz ham to'g'ri. Ayrim vaziyatlarda himoyani yorib o'tish qiyin kechadi, bazan esa o'yinchilarimiz o'zlariga ishonishadi. Tarkibimizda uzoq masofadan yaxshi zarba bera oladigan futbolchilarimiz bor. Hujumni albatta yakunlash kerak edi. Bizning asosiy maqsadimiz ham shu edi – hujumlarni yakunlash. Maydonda qarorni o'yinchilarning o'zlari qabul qilishadi.