
Ispaniya terma jamoasi vingeri Lamin Yamal JCH-2026 musobaqasining 1/8 finaliga yo‘llanma olganlari haqida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
Ispanlar Avstriya terma jamoasini 3:0 hisobida tor-mor etishdi. Keyingi bosqichda ular Xorvatiyani (2:1) mag‘lub etgan Portugaliya terma jamoasiga qarshi maydonga tushishadi.
"Biz o‘yinimiz sifatini, shiddatini, umuman olganda hamma narsani oshirishda davom etishimiz kerak. Biroq biz o‘z darajamizni bilamiz va hech qaysi terma jamoadan qo‘rqmaymiz. Biz — Ispaniyamiz va buni maydonda isbotlashimiz shart. O‘zimizga bo‘lgan ishonchimiz yuqori.
Albatta, Krishtianuga qarshi maydonga tushish men uchun sharaf bo‘lardi. Ammo hozir xayolimda faqat bizning o‘yinda g‘alaba qozonish bor va narigi juftlikdan bizga qarshi kim chiqishining men uchun umuman ahamiyati yo‘q", — degan edi Yamal Portugaliya va Xorvatiya o‘rtasidagi uchrashuv boshlanishidan avval.