“Xorvatiya o‘zini aldangandek his qilishga haqli” – Ibrahimovich Portugaliyaning g‘alabasi haqida

  • Mr.NoBoDy 03.07.2026 21:33
  • 671
  • 30

Shvesiya terma jamoasining afsonaviy sobiq hujumchisi Zlatan Ibrahimovich 2026-yilgi Jahon chempionatining 1/16 finalida Portugaliya va Xorvatiya terma jamoalari o‘rtasida kechgan uchrashuvdagi bahsli VAR qarori yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.

Ibrahimovichning fikricha, o‘yinning so‘nggi daqiqalarida Xorvatiyaning bekor qilingan goli hisobga olinishi kerak edi.

“Futbol ba’zan aql bovar qilmas darajada shafqatsiz bo‘lishi mumkin. Kim nima deyishining menga qizig‘i yo‘q. Menimcha, Xorvatiya o‘zini aldangandek his qilishga to‘la haqli. Takroriy lavhalarni ko‘rdim, ammo Gvardiolning golida kimdir ofsaydda bo‘lganini isbotlaydigan yetarli dalilni hanuz ko‘rmadim”, deydi Zlatan.

Shuningdek, u VAR tizimining futbolchilar ruhiy holatiga ta’sirini haqida gapirdi:

“Jahon chempionati pley-off bosqichida o‘yinning so‘nggi soniyalarida gol bekor qilinayotgan bo‘lsa, vaziyat mutlaqo aniq bo‘lishi kerak. Men uchun esa bunday aniqlik yo‘q. Ushbu gol hisobga olinishi lozim edi. Xorvatiya mag‘lubiyatdan qutulganiga ishongandi. Futbolchilar golni nishonlayotgan, muxlislar esa quvonchga to‘lgan bir paytda, bir necha soniyadan so‘ng barchasi tortib olindi. Aynan shunday lahzalar jamoalarni ruhiy jihatdan sindiradi. Biz ajoyib gol haqida emas, yana bir VAR mojarosi haqida gapiryapmiz. Portugaliyani g‘alaba bilan tabriklayman. Ammo Xorvatiya o‘rnida bo‘lganimda, bugun maydonni futbol mendan nimanidir tortib olgandek tuyg‘u bilan tark etgan bo‘lardim”.

Eslatib o‘tamiz, uchrashuvning ikkinchi bo‘limiga qo‘shib berilgan vaqtda Xorvatiya himoyachisi Yoshko Gvardiol hisobni tenglashtirgandi. Biroq bosh hakam Espen Eskos VAR tavsiyasidan so‘ng golni bekor qildi.

Takroriy vaziyat tahliliga ko‘ra, to‘p Gvardiolga yetib kelishidan avval hujumchi Igor Matanovich unga tegingan, shu paytda esa yarim himoyachi Mario Pashalich ofsayd holatida bo‘lgan. Shu sababli gol inobatga olinmadi.

Mazkur uchrashuv 2:1 hisobida Portugaliya foydasiga yakunlandi va jamoa Jahon chempionatining chorak finaliga yo‘l oldi.

Ўхшаш янгиликлар