Kongo DR bosh murabbiyi: "O'zbekistonga qarshi tarixiy muvaffaqiyatga erishdik. Angliyaga qarshi o'yinda ham g'alaba uchun maydonga tushamiz" (to'liq matbuot anjumani)

  • Mr.NoBoDy 28.06.2026 10:24
  • 140
  • 30

Kongo DR bosh murabbiyi Sebasten Desabr Jahon chempionati "K" guruhi 3-turidan o'rin olgan O'zbekistonga qarshi o'yindan so'ng (3:1) matbuot anjumanida ishtirok etdi.

– G'alaba bilan tabriklaymiz! Bu yutuq Kongo xalqi uchun nimani anglatishini tushuntirib bera olasizmi? Jahon chempionatidagi avvalgi xotiralarda faqat 3 ta mag'lubiyat va 0:9 hisobidagi mag'lubiyat bor edi. Buning Kongo xalqi uchun ahamiyati qanday?

– Bu ularning o'z jamoasi bilan faxrlanishini anglatadi. O'ylaymanki, bugun odatimizga ko'ra, nima qilishimiz kerakligini aniq bilardik. O'yinning boshidayoq gol o'tkazib yubordik, ammo so'nggi paytlarda Portugaliya yoki Nigeriyaga qarshi saralash o'yinlarida bo'lgani kabi, biz vaziyatni o'nglay oldik hamda katta fidokorlik va motivaciyani namoyish etdik. O'yinning umumiy manzarasiga qaraydigan bo'lsak, g'alaba mantiqiy bo'ldi. Shuning uchun buni o'ziga xos qahramonlik deb bilaman. Biz uchun eng muhimi – Kongoning go'zal qiyofasini yana bir bor ko'rsata olganimizdir.

– Kecha siz Afrika jamoalari haqida gapirgan edingiz. Mazkur musobaqada sizning va boshqa bir qator Afrika termalarining muvaffaqiyatli yurishi sizni hayron qoldiryaptimi? Bunga munosabatingiz qanday?

– Avvalo, savolingizga javob berishdan oldin, o'z futbolchilarimni tabriklamoqchiman, chunki ular juda yaxshi o'yin o'tkazishdi. Bu – bir jamoa bo'lib 4 yil davomida qilingan mehnatning uzviy davomi. Biz birgalikda ishonishda va oldinga intilishda davom etdik. Shuning uchun birinchi navbatda futbolchilarimga va har kuni yonimda ishlaydigan barcha murabbiylar shtabiga minnatdorchilik bildirmoqchiman.

Savolingizga kelsak, buni kecha ham takidlagan edim: Afrika qitasidan 1/8 finalga chiqqan jamoalarning ko'pligi qandaydir manoda faxrlanarli holat. Bu mehnat va rivojlanish natijasidir. Oldinga siljish uchun hali ham katta imkoniyatlar mavjud va biz butun kamtarligimiz bilan Afrika futboli rivojiga o'z hissamizni qo'shishga harakat qilyapmiz.

– O'zbekiston tomonidan erta urilgan gol, so'ngra ofsayd sababli bekor qilingan yana bir gol bo'ldi. Dastlabki goldan keyin jamoada asabiylik kuzatildimi yoki baribir o'yinni yutib keta olamiz, degan ishonch bormidi?

– O'yinda g'alaba qozonishga hech qachon yuz foiz kafolat bo'lmaydi. Anig'i shuki, biz taktik xatoga yo'l qo'ydik, ichkarini biroz erta ochib yubordik va ularning hujumchisi juda chiroyli zarba bilan gol urdi – tan olish kerak, u juda yaxshi futbolchi. Ammo musobaqa boshidanoq bizga nisbatan qulayroq tuyulgan uchinchi o'yin uchun bazi futbolchilarga dam berishni rejalashtirgan edik. Shunday ham bo'ldi, dastlabki ikki o'yinda qatnashmagan futbolchilar jamoaga yangi kuch bag'ishladi. Aytib o'tganimdek, to'p nazorati va ko'rsatgan o'yinimizga ko'ra g'alaba qozonganimiz mantiqan to'g'ri bo'ldi.

– Siz bu jamoani 2022 yilda qabul qilib olganingizda, jamoa Jahon chempionati saralashida Marokashdan yirik hisobda engilgan, so'ngra Afrika Millatlari Kubogi saralashida Sudan va Gabonga mag'lub bo'lgandi. O'shanda dastlabki mag'lubiyatlarga qaramay, asosiy maqsadingiz Afrika Millatlari Kubogiga yo'llanma olish va mana shu Jahon chempionatiga chiqish ekanini aytgandingiz. Bugungi yutuqlaringiz, jamoada yaratilgan tizim va Kinshasaga, umuman Kongo futboliga kiritgan mehnatingiz haqida o'ylab ko'rishga vaqtingiz bo'ldimi? Bu jamoa bilan qanchalik uzoqqa borganingizni sarhisob qildingizmi?

– Ha, oldimizga maqsadlar qo'yganimizda, bu loyihaga butun borlig'imiz bilan kirishgandik. Loyihamizni tushuntirish uchun ko'p sayohat qildik. Biroq bunday ishni yolg'iz o'zim eplay olmasdim. Menda ajoyib insonlardan tashkil topgan asosiy o'zak bor. Murabbiy uchun shunday yaxshi insonlar bilan ishlash – haqiqiy omad. Ular nafaqat yaxshi futbolchilar, balki Kongo terma jamoasi libosi uchun borini berishga tayyor bo'lgan ajoyib shaxslardir. Eng muhimi ham shu. Vaqti kelganda natijalarni sarhisob qilamiz, lekin hozircha talab qilingan va erishilgan maqsadlar bo'yicha biz o'z o'rnimizdamiz. Bu katta mehnat talab qilgani uchun faxrlanish hissi bor, albatta, lekin shuni unutmaslik kerakki, muvaffaqiyat – butun boshli mexanizmning natijasidir. Bugungi kunda futbolchilarim bilan juda faxrlanaman, chunki biz shu loyihani oxiriga etkazish uchun bir jamoa bo'lib qoldik, bu yigitlarga ishondik va bugungi oqshom mehnatimiz o'z mevasini berganini isbotladi.

– Bugungi oqshom qahramoni bo'lgan Yoan Vissaning o'yini haqida nima deya olasiz?

– Men odatda faqat bir futbolchi haqida ko'p gapirmayman, lekin haqiqatan ham u bugun hal qiluvchi rolni o'ynadi. Boshqalar qatori u ham mavsumni juda qiyin boshlagan edi. O'tgan yili sentyabr oyida Senegalga qarshi o'yinda jarohat olgan va bu unga ruhiy tomondan qattiq ta’sir qilgandi. Chunki transferlardan so'ng u 100 foiz tayyor emasligidan va "Nyukasl" muxlislariga o'zining nimalarga qodirligini ko'rsata olmayotganidan qiynaldi. Ammo u sekin-asta o'z formasiga qaytdi va biz unga ishonch bildirdik. Uning klubida ham bazi qiyinchiliklari bo'ldi, lekin biz birdammiz va bu sinovlardan birgalikda o'tdik. Uning bugungi kunda gollar urayotganidan juda xursandman, chunki u hozir haqiqatan ham o'zining eng yaxshi sport formasida.

– Ushbu tarixiy g'alaba bilan tabriklaymiz. Ayni paytda Kongo eng yaxshi uchinchi o'rinni egallagan jamoa bo'lib turibdi. Bu tarixiy natijadan qanchalik faxrlanasiz?

– Ha, biz keyingi bosqichga chiqqanimizdan faxrlanamiz. Qur'a tashlangandayoq, agar uchinchi o'rinni egallasak, Angliya guruhidan chiqqan jamoa bilan o'ynashimizni bilardik. Uchinchi o'rinni egallashning o'zi unchalik katta ahamiyatga ega emas, lekin ramziy manoda bu muhim, chunki uchta o'yin yakuniga ko'ra biz 4 ta gol urdik. Bu ko'rsatkich bizda gol urish qobiliyati borligini ko'rsatadi va bu juda yaxshi.

– Bir necha kundan keyin yana shu yerda o'ynaysiz. Angliyaga qarshi o'yinga jamoani tayyorlashda qanday falsafaga tayanasiz va sizni yana bir ajoyib o'yin ko'rsatishga nima undaydi?

– Biz vaziyatga moslashamiz. Qur'a natijasiga ko'ra yana shu yerda o'ynashimizga to'g'ri kelyapti. Ertaga yo'lga chiqib, keyin yana qaytib kelamiz deb o'ylayman. Biz moslashamiz, bu unchalik katta muammo emas. Odatdagidek, imkon qadar professional tarzda tayyorgarlik ko'ramiz. Ertadan boshlab bor e'tiborimizni 1/8 finaldagi o'yinga qaratamiz. Bu – mutlaqo boshqa musobaqa, pley-off o'yinlari. Bunday o'yinlarda favoritlar uchun g'alaba qozonish doim qiyin kechadi. Biz esa Angliyaga qarshi o'yinda autsayder sifatida maydonga tushamiz. Ularda Angliya chempionatida o'ynaydigan futbolchilar bor. Bu barcha uchun yana bir katta o'yin bo'ladi va biz g'alaba qozonish uchun bor kuchimiz bilan tayyorgarlik ko'ramiz.

Ўхшаш янгиликлар

MMA (UFC) videolar

post photo

ММА (UFC) - janglari

UFC 310 Embedded (эпизод 5)

Futbol obzorlar