Kongo DR bosh murabbiyi: «O‘zbekistonga qarshi o‘yinda tavakkal qilishga to‘g‘ri keladi»

  • Mr.NoBoDy 28.06.2026 00:22
  • 741
  • 30

Kongo DR terma jamoasi bosh murabbiyi Sebastyen Dezabr JCH–2026 guruh bosqichining 3-turidan o‘rin olgan O‘zbekistonga qarshi uchrashuv oldidan rasmiy matbuot anjumanida ishtirok etdi.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, uning jamoasi Portugaliya va Kolumbiyaga qarshi ikkita qiyin o‘yin o‘tkazgan, ammo hali ham guruhdan chiqish imkoniyatini saqlab qolgan.

— Biz Portugaliya va Kolumbiya kabi kuchli jamoalarga qarshi o‘ynadik. Ikki uchrashuvdan keyin hisobimizda bir ochko bor va endi vaziyat biz uchun aniq. Uchinchi o‘yin hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi. Guruhdan chiqish uchun biz albatta g‘alaba qozonishimiz kerak. Buning uchun esa, tabiiyki, tavakkal qilishga to‘g‘ri keladi, — dedi Dezabr.

Kongo DR bosh murabbiyi O‘zbekiston terma jamoasi haqida ham fikr bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Fabio Kannavaro boshchiligidagi jamoa jahon chempionati yo‘llanmasini munosib tarzda qo‘lga kiritgan va aniq o‘yin tuzilishiga ega.

— Ertaga biz juda yaxshi tashkillashtirilgan O‘zbekiston terma jamoasiga qarshi o‘ynaymiz. Bu jamoa jahon chempionatiga bekordan-bekor yo‘llanma olmagan. Bizni qiyin o‘yin kutmoqda va g‘alaba qozonish yo‘lini o‘zimiz topishimiz kerak, — dedi mutaxassis.

Dezabrning ta’kidlashicha, bo‘lajak uchrashuvda uning shogirdlari o‘z imkoniyatlarini to‘liq ishga solishlari lozim.

— Biz ham, O‘zbekiston ham ushbu jahon chempionatidagi eng yuqori reytingli jamoalar qatoriga kirmaymiz. Shuning uchun bunday darajada munosib o‘yin ko‘rsatish uchun jismoniy, taktik va texnik imkoniyatlarimizni yuz foiz ishga solishimiz shart. Bizda hujum salohiyati va faoliyati davomida muntazam gol urib kelgan futbolchilar bor. Ertaga ular o‘z so‘zini aytishi kerak, — dedi bosh murabbiy.

Dezabr O‘zbekistonga qarshi bahs uning jamoasi uchun alohida ahamiyatga ega ekanini ham qayd etdi.

— Ertaga bizning finalimiz bo‘ladi. Bir o‘yinda hammasi hal bo‘ladigan vaziyatlarga biz ko‘nikib qolganmiz. Bizning yo‘limiz doimo og‘ir bo‘lgan, ammo biz qiyin vaziyatlardan bir necha bor chiqib ketganmiz. Umid qilamanki, ertaga ham shunday bo‘ladi va kongoliklarning orzusi davom etadi, — dedi murabbiy.

So‘zining yakunida Dezabr Kongo DR terma jamoasi bo‘lajak uchrashuvda nima qilishi kerakligini yaxshi bilishini ta’kidladi.

— Biz g‘alaba qozonishni xohlaymiz va buning uchun tavakkal qilishimizga to‘g‘ri kelishini tushunamiz. Biz xotirjamlik bilan o‘z ishimizni bajaryapmiz va turnir boshidanoq nimani qilishimiz kerakligini bilardik. Umid qilamanki, ertangi o‘yin biz uchun omadli kechadi, — deya xulosa qildi bosh murabbiy.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston — Kongo DR uchrashuvi 28 iyun kuni Atlanta shahrida bo‘lib o‘tadi va Toshkent vaqti bilan soat 04:30 da boshlanadi.

Ўхшаш янгиликлар