O'tmishga nazar. Urugvayga qarshi o'yinga qanoti yongan samolyotda yetib borgan Saudiya Arabistoni

  • Mr.NoBoDy 15.06.2026 18:32
  • 40
  • 30

Toshkent vaqti bilan 16 iyun tongida 2026 yilgi jahon chempionati 1-turidan o'rin olgan Saudiya Arabistoni – Urugvay uchrashuvi o'tkaziladi.

Ushbu ikki terma jamoa nomi yonma-yon tilga olinganda, ko'pchilik muxlislarning yodiga 2018 yili Rossiyada bo'lib o'tgan Jahon chempionatidagi hayajonli va qo'rqinchli voqea tushadi.

2018 yilgi mundial guruh bosqichi doirasidagi Urugvayga qarshi o'yin oldidan Saudiya Arabistoni terma jamoasi haqiqiy dahshatli sinovga duch kelgan edi. Jamoa delegaciyasini Sankt-Peterburgdan o'yin bo'lib o'tadigan Rostov-Don shahriga olib ketayotgan "Airbus A319" rusumli samolyotning o'ng qanotidagi dvigatelida havoda yong'in chiqqan.

Bir necha ming metr balandlikda samolyot qanotidan chiqayotgan olov futbolchilar tomonidan videoga olingan va bu dahshatli kadrlar zudlik bilan butun dunyo ommaviy axborot vositalarida tarqalgan. Yaxshiyamki, uchuvchilarning yuqori professionalligi sababli, yong'inga qaramay, samolyot betalafot qo'ndirilgan. Hech kim jismoniy jarohat olmagan bo'lsa-da, arab futbolchilari Urugvayga qarshi muhim o'yinga juda kuchli ruhiy shok holatida yetib borishgan edi. O'sha tarixiy va og'ir bosim ostida o'tgan uchrashuvda Urugvay vakillari 1:0 hisobida kichik g'alabani qo'lga kiritishgan.

Oradan 8 yil o'tib, taqdir bu ikki jamoani Shimoliy Amerika yashil maydonlarida, JCH–2026 ning ilk turidayoq yana ro'baro' qilmoqda.

Ўхшаш янгиликлар