
So'nggi to'rtta Jahon chempionati g'olibidan uchtasini to'g'ri topgan va o'zini ekstrasens deb e'lon qilgan shaxs shu yozda AQSH, Meksika va Kanadada bo'lib o'tadigan musobaqa uchun o'z taxminini ma'lum qildi.
Braziliyalik Maykl Bruno mundial g'oliblarini bashorat qilish borasida yaxshigina tajribaga ega.
Janubiy Afrikadagi 2010 yilgi turnir oldidan u Ispaniya mashhur kubokni birinchi marta ko'tarishini takidlagan edi – Andres Inesta qo'shimcha bo'limlarning so'nggi daqiqalarida Niderlandiya darvozasiga g'alaba to'pini kiritganidan so'ng, ular aynan shu ishni qilishdi.
Keyinchalik Bruno 2014 yilda o'z vatanida Germaniyaning muvaffaqiyat qozonishini bashorat qildi, oradan to'rt yil o'tib esa Fransiyaning Xorvatiya ustidan qozonadigan g'alabasini ham aniq topdi.
Biroq Qatardagi 2022 yilgi musobaqada u Fransiya o'z chempionligini himoya qiladi deb o'ylagan edi. Dide Desham shogirdlari finalga qadar yetib bordi, biroq Argentinaga qarshi penaltilar seriyasida mag'lubiyatga uchradi.
Shunga qaramay, Bruno shu yozdagi turnir uchun yana bir bashorat bilan qaytdi.
"Globo Esporte" nashriga bergan intervyusida u shunday dedi: "Men 2022 yildan beri navbatdagi chempion jamoani e'lon qilib kelyapman. O'shandan beri Portugaliya jahon chempioni bo'lishini ta'kidlab kelmoqdaman".
Xuddi shunday. Asosiy da'vogarlar sifatida Fransiya, Ispaniya, Angliya, Argentina, Portugaliya va Braziliyani sanab o'tgach, Bruno Krishtianu Ronaldu va Portugaliya 19 iyul kuni o'z tarixidagi ilk Jahon chempionati kubogini qo'lga kiritishiga ishonmoqda.
Yuqoridagilardan tashqari, Bruno amaldagi chempion Argentina chorak final bosqichidayoq musobaqani tark etishiga va Neymarning jismoniy holati sababli Braziliya ham erta chiqib ketishiga ishonmoqda.
"Neymar bu turnirda o'ynashga 100 foiz tayyor deb o'ylamayman. Agar u o'ynasa, terma jamoa yana bir bor yarim finalgacha musobaqani tark etadi, chunki butun jamoa uning atrofida o'ralashib, 2022 yilgi taktik xatoni takrorlaydi", – dedi u.