Rashid G'ofurov: "Futbolda 1:0 – juda qaltis hisob"

  • Mr.NoBoDy 31.05.2026 22:32
  • 77
  • 30

Proliga 8-tur doirasidagi "Yaypan" - "Respublika FA" (1:0) o'yinidan so'ng mezbonlar bosh murabbiyi Rashid G'ofurov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

– Bugungi o'yin haqida o'z fikr-mulohazalaringizni bildirib o'tsangiz.

– To'g'risini aytsam, bugungi o'yindagi g'alaba bizga juda ham kerak edi. Ayniqsa, "Surxon" jamoasidan uchralgan mag'lubiyat keyin bu muhim ahamiyatga ega edi. Yigitlarimizda baribir yoshlik qildi, ruhiy-psixologik jihatdan raqiblarning yosh ekani ularning miyasiga o'rnashib qolgan edi. Shu sababli, yigitlar maydonga yuz foiz bor kuchi bilan chiqishmadi va buning hisobiga gol urishga biroz qiynaldik. Lekin baribir o'yin nazorati bizning qo'limizda bo'ldi. Birinchi bo'limda ham, ikkinchi bo'limda ham ko'plab vaziyatlar yaratildi. Agar o'sha vaziyatlardan vaqtida foydalanganimizda, bunchalik qiyinchilikka duch kelmas edik. Yigitlarimiz o'zlariga o'zlari qiyinchilik tug'dirishdi, vaziyatlardan tez va unumli foydalanishga harakat qilishmadi. Futbolda 1:0 – juda ham qaltis hisob sanaladi. Nima bo'lganda ham, g'alaba qozondik va shundan xursandmiz. Muxlislarimizni ham g'alaba bilan tabriklayman, chunki ular buni kutishgan edi. Safar o'yiniga jo'nab ketishdan oldin bizga bu g'alaba juda zarur edi. Xudo xohlasa, oldimizda yana ikkita-uchta o'yin bor, ularda ham g'alaba qozonib, tatilga yaxshi kayfiyatda yuzlanishga harakat qilamiz.

– "Respublika futbol akademiyasi" jamoasi o'yinlariga e'tibor bersak, kuchli raqiblarga qarshi mutlaqo boshqacha va mazmunli o'yin ko'rsatyapti. Bugun ham negadir shu anana kuzatildimi, umuman olganda, gol urishda nega bunchalik qiyinchilik bo'ldi?

– Albatta. Chetdan tomosha qilganlar ularni yosh bolalar deb o'ylashi mumkin, ammo bular shunchaki yosh bolalar emas, balki respublika bo'yicha eng istedodli yoshlar yig'ilgan akademiya tarbiyalanuvchilari hisoblanadi. Ular – bizning kelajagimiz. Terma jamoa a'zolarining ham 90 foizi shu yigitlardan iborat. Biz ham hozir xuddi "Metallurg" singari ruhiy holatga tushib qoldik. "Metallurg" jamoasi o'z maydonidagi ilk o'yinida qanday o'ylagan bo'lsa, biz ham bugun shunday holatga tushdik. "Metallurg" – chempionlik vazifasi qo'yilgan, ochko olishi shart bo'lgan jamoa. Bu shuni anglatadiki, 90 daqiqa ichida yutib ketish qiyin bo'lgan bunday jamoa futbol o'ynashni biladi. Bu hali ko'pchilikka boshog'riq bo'ladigan jamoa. Shaxsan menga "Metallurg", "Sho'rtan", "Kattaqo'rg'on" kabi jamoalar bilan o'ynash osonroq. "G'azalkent", "Paxtakor-farm" va "Respublika futbol akademiyasi" kabi jamoalar bilan o'ynashda qiynalyapmiz. Sababi ularning o'z futbol maktabi bor. Palapartishlik yo'q. Shuning uchun ular bilan o'ynash ancha qiyin kechmoqda. Hozirgi vaqtda hech kim uch ochkoni osonlikcha tutqazib qo'ymayapti.

– Ettinchi raqamdagi hujumchingiz o'yinida ozgina pasayish sezgandik. Bu nima bilan bog'liq bo'lishi mumkin?

– Pasayish? Nima desam ekan, u terma jamoa yig'inidan qaytgunicha biz uchta o'yin o'tkazdik. Terma jamoada unga o'yin amaliyoti kamroq berilgan, shuning hisobiga hozircha to'liq o'yin ritmiga kirishib keta olmayapti. "Surxon" bilan o'yinda to'liq ikkinchi tarkibni tushirgan bo'lsam ham, uning amaliyoti oshishi uchun bir bo'lim o'ynatgan edim. Bugun ham uning tezroq o'z sport formasiga qaytishi uchun imkoniyat berdim va ikkinchi bo'limda almashtirishga qaror qildim. Bularning barchasi u tezroq yetishib olishi uchun qilinayotgan ishlar. O'yin amaliyoti kamligi hozircha yaqqol bilinib turibdi. Lekin bugun o'zi ham ikkita-usta yaxshi vaziyat yarata oldi. Terma jamoaga borganda 15-20 daqiqa o'ynash bilan ikki bo'lim to'liq harakat qilishning juda katta farqi bor. Shuning uchun hozir unga o'yinga to'liq kirishib ketish qiyinroq kechyapti. Xudo xohlasa, keyingi o'yinlarda u o'z darajasiga yetib oladi.

– Darvozabon Ozodbek Marupov hozir o'zini juda yaxshi ko'rsatmoqda. Superliga jamoalari uni kuzatayotgani aniq. Mabodo Ozodbekka yaxshi transfer takliflari tushsa, qo'yib yuborasizmi? Jamoada uning o'rnini bosa oladigan munosib darvozabon bormi?

– Albatta. Agar qoniqtiradigan darajadagi taklif bo'ladigan bo'lsa, bemalol qo'yib yuboramiz. Biz o'zi bu jamoani shuning uchun ham tashkil qilganmiz. Loyihamizning asosiy maqsadi shundan iboratki, agar yigitlarimiz bizdan-da yuqori darajadagi jamoalardan taklif oladigan bo'lsa, biz ularga albatta imkoniyat beramiz. Bizning vazifamiz – chempion bo'lib, Proligadan Superligaga chiqish emas. Asosiy maqsad – ushbu loyihaga jalb etilgan yoshlarni tarbiyalab, kuchli jamoalarga etkazib berish. Agar o'z ustida ishlasa, nafaqat Ozodbekka, balki qolgan barcha futbolchilarimizga ham eshik ochiq. Barchasi faqat o'z mehnatiga bog'liq. Hozirning o'zida ham ikkita-uchta o'yinchimizga takliflar yo'q emas, lekin hozirgi vaqtda buni amalga oshirishning imkoni yo'q. Chunki hech bo'lmaganda birinchi davra o'yinlari yakunlanishi kerak.

Ўхшаш янгиликлар

MMA (UFC) videolar

post photo

ММА (UFC) - janglari

UFC 310 Embedded (эпизод 5)

Futbol obzorlar