
– Bugungi o'yin haqida fikrlaringiz bilan o'rtoqlashsangiz.
– Xo'sh, bugungi o'yinga keladigan bo'lsak, afsuski, mening nazarimda, bugungi holatimiz, ayniqsa, jismoniy holatimiz butun mavsum davomida o'ynagan o'yinlarimizdagi eng yomoni bo'ldi. Bunga sabablar juda ham ko'p. Bittasini aytishim mumkin – dovon oshib, to'rt soat yo'l yurib keldik. Buning ta’siri baribir sezildi. Afsuski, maydonda, o'yinning dastlabki daqiqalaridanoq bu ko'rinib turdi. Lekin taktik xatolar ham vaziyatlarda ulgurmaganimizdan kelib chiqdi. Qisqa qilib aytganda, ko'proq jismoniy holat borasida bugun raqibga yutqazdik. Umuman olganda, yigitlarga rahmat aytaman. Shunday bo'lsa ham, shuncha yo'l bosib kelib, maydonga chiqib, maksimal darajada harakat qilishdi. Afsuski, yana o'sha kichik hisobda, yana o'sha bitta-ikkita xatoning evaziga mag'lubiyatga uchradik.
– Bugungi o'yin qandaydir durang uchun maydonga tushgandek taassurot uyg'otdi. O'zingiz ham darvozabonning harakatlari orqali shuni ko'rsatdingiz. Ikkinchi savolim – Asilbek Aliev nimaga o'z darajasida o'ynamayapti? Undan kutilgan o'yinni ko'rolmayapmiz, yo'qolib qolgandek...
– Birinchi savolingizga keladigan bo'lsak, biz hech qachon durang uchun o'ynamaymiz. Chunki umuman olganda, bizning maqsadimiz faqatgina natija – chempion bo'lish, Proliga yoki Superligaga chiqish emas. Biz, birinchi navbatda, futbolchilarning rivojlanishiga, ular o'z yosh toifasidagi terma jamoalargacha yetib borishiga harakat qilamiz. Agarda bizning maqsadlarimiz shunday bo'lsa, maydonga har qanaqa raqibga qarshi maksimal o'ynash va g'alaba uchun chiqamiz.
Lekin, aytib o'tganimdek, bugun bolalarning holati pand berdi. Biz o'zimizni alday olmaymiz-da, baribir jismoniy holatimiz, yo'l charchog'i yigitlarning o'zida ham sezilib turdi. Har bir o'yinchi o'z organizmini yaxshi biladi. Shu sababli, men maydon tashqarisidan turib ularni qanchalik oldinga boshlamayin, yuqori pressing yoki biror epizodda agressiya bilan ishtirok etishni so'ramayin, baribir ularning bugungi jismoniy holati bunga tayyor emas edi. Shuning uchun, o'ylaymanki, holatdan kelib chiqib, bolalar ko'proq pauza olishga harakat qilishdi.
Asilbekka keladigan bo'lsak, mavsum boshida uning psixologik holatidan xabarimiz bor edi. U "Andijon" Superliga jamoasida yig'in o'tkazdi. Afsuski, qandaydir tushunmovchilik yoki ma'lum bir vaziyat sabab, u so'nggi daqiqalarda tarkibga kira olmay, ro'yxatdan o'ta olmay, yana bizning safimizga qo'shildi. Unda juda ham katta psixologik bosim va tushkunlik bor edi. Lekin biz uni ruhiy tomondan ko'tarishga maksimal darajada harakat qildik. U U-17 terma jamoasiga qaytdi, Osiyo kubogiga bordi va bitta o'yin o'ynab keldi. Baribir bu narsalar ta’sir qiladi, o'yin amaliyoti va tonusidan chiqib qolgan. Shu sababli hozir tinimsiz mehnat qilyapti, mashg'ulotlarda juda ham qattiq ter to'kyapti. Bugun ham ikkita yuz foizlik golli vaziyati bo'ldi, lekin ularni golga aylantira olmadi. Bu ham baribir o'sha psixologiya bilan bog'liq. Biroq, ko'p bor takrorlaganimdek, uning salohiyati juda yuqori. Xudo xohlasa, uni faqat U-17 emas, hatto U-20 terma jamoasiga ham nomzod sifatida ko'raman. Shunchaki, o'z ustida ishlashda davom etishi, oldingi darajasiga qaytishi uchun juda ham ko'p mehnat qilishi kerak.