
- O'yin haqida fikringiz?
- Bugungi bahsni hamma ko'rdi. Yana nima deyishim mumkin, "G'azalkent" jamoasiga gap-so'z bo'lishi mumkin emas. Tarkibida yosh, yuguradigan, chaqqon yigitlar bor. Biz o'yin tizginini qo'ldan chiqarib yubordik. Hakamlar aybini aytish mening zimmamda emas, buni ko'rib chiqadigan qo'mita bor. Faqat bitta savol: 80-daqiqada bizning futbolchimiz birga bir kirib borayotgan vaziyatda raqib o'yinchisi to'xtatib qoldi. Hakam hatto qoida buzilishi ham bermadi. Agar berganida balki hisob 2:1 bo'lishi mumkin edi. Hakamga "Ko'zingiz bormi?" degan gap uchun "qizil" beraversa, bilmadim endi. Birinchi bo'limda raqib yaxshi o'yin ko'rsatdi, ikkinchi bo'limda biz ustunlik qildik. Yutuq ortidan mag'lubiyat ham bo'lib turadi. Nima deymiz endi.
- Birinchi taymda ko'rdikki, himoyachilaringiz juda bo'sh o'ynadi. Jamoa baxtiga darvozabon Marufjonov bir necha bor goldan qutqarib qoldi. Ikkinchi taymda aytganingizdek, jamoa o'ziga keldi. Tanaffusda o'yinchilarga nima dedingiz?
- To'g'ri aytyapsiz, birinchi bo'limda negadir o'tirib qoldik. Bizda vaziyat ko'p bo'ldi deya olmayman. Ularda ham, bizda ham vaziyatlar bo'ldi. Biz qarshi hujumda o'ynab qoldik. Bu bahona emas, lekin shamol bu tomonga esgani uchun birinchi taymda to'p umuman yurmadi. Futbolchilarimiz shundoq yutamiz degan erkinlikka berilib qoldi. Hartugul ikkinchi bo'limda o'zimizga kelib oldik.
- O'yin oxirlarida ro'y bergan vaziyat, berilgan qizil kartochka yigitlar ruhiyatiga ta’sir ko'rsatmaydimi?
- Albatta, ta’sir ko'rsatadi. Bu o'yin mayli o'tdi-ketdi. Lekin keyingi uchrashuvni "Aral"ga qarshi o'tkazamiz. Biz eng yaxshi futbolchilarimizni yo'qotdik. Berilgan kartochka faqat keyingi turga emas, undan keyingi uchrashuvlarga ham ta’sir qilishi mumkin. Bugun hech qanaqa rotaciya qilish niyatim yo'q edi. Ammo ikki nafar futbolchimizni almashtirganim o'z ta’sirini ko'rsatdi. Aslida men rotaciya qilmoqchi emasdim, o'zi tabiatim shu: yutgan tarkibni o'zgartirmayman. Lekin bugun ikkita o'zgarish o'yinni o'zgartirib yubordi.
- Ikkinchi taymda ko'rdik, deyarli maydon chetiga kelib ko'rsatma bermadingiz. Asosan yordamchingiz chiqib gapirdi. Jamoa o'yinidan qoniqish hosil qilganingiz uchun shunday bo'ldimi?
- O'yindan oldin menda hayajon bor edi. Maktab ko'rgan futbolchilarga ega jamoa bilan o'ynadik. Raqib yoshlardan iborat bo'lsa ham, xuddi terma jamoadek yaxshi harakat qildi. Men o'rnimdan turaversam bahsni yaxshi kuzata olmasdim, shu bois o'tirib jim kuzatishni maqul ko'rdim. Kerak paytda bir-bir chiqdim, ko'nglim ham to'q edi.

- Jamoa bir kishi kam bo'lib qolsa ham yaxshi o'yin ko'rsatdi. Futbolchilarning jismoniy holati tetik ekan. Ular bilan bu borada alohida murabbiy ishlayaptimi? Klubda moddiy muammolar yo'qmi?
- Moddiy muammolar yo'q hisobi. Imkoniyatimiz "G'azalkent" darajasida bo'lmasa ham hartugul harakat qilyapmiz. Uyda to'p tepganimiz hisobiga kamchilik bo'lib qolgan bo'lsak-da, buni sezdirmaslikka harakat qildik. Faqat ikkinchi goldan keyin vaqt etmay qoldi.
- Jamoa himoyaga e'tibor berib bir ochko olishi ham mumkin edi.
- To'g'risi, biz durangni o'ylamagandik. Qizil kartochkadan keyin ham maqsadimiz g'alaba edi. Bir kishi kam yutib ketsak bo'lardi. Ammo ikkinchi "qizil"dan keyin kuchimiz etmay qoldi. Standart vaziyat pand berdi.
- O'yin tugaganidan keyin yuz bergan holat bo'yicha "Yaypan" klubi jarimaga tortilishi mumkin. O'yinchilar hakamni urmoqchi bo'lishdi.
- Hammasi emociyadan bo'ldi. Lekin hech kimning hakamni urish niyati yo'q edi. To'g'ri, futbolchilar azartda bordi, lekin hech kim hakamga qo'l ko'tarmadi. Chetdan qaraganda bu holat xunuk ko'rindi. Bunday vaziyatda o'zini ushlab turish oson emas, buni futbol o'ynagan biladi.
- Ikkinchi qizil kartochkali vaziyatda hakam bilan tortishish kerakmidi? Nega futbolchingiz bunday yo'l tutdi?
- To'g'ri gapirdingiz. O'yindan oldin yigitlarga hakam Superligani boshqargan, tajribasi bor deb aytgandim. Hakam bilan gaplashish befoyda. Bu vaziyatni biz ham jamoa ichida tahlil qilamiz, agar futbolchimizdan ayb o'tgan bo'lsa, o'zimiz uni jazolaymiz.