Zayniddin Tojiev: "Yigitlar oldilariga qo'yilgan vazifani bajarishdi va g'alabaga erishdik"

  • Mr.NoBoDy 30.04.2026 21:24
  • 370
  • 30

Proliganing 6-turi doirasidagi "Yaypan" - "G'azalkent" (1:2) uchrashuvidan keyin mehmonlar bosh murabbiyi Zayniddin Tojiev matbuot anjumanida qatnashdi.

- "G'azalkent" muxlislarini g'alaba bilan tabriklayman. Yigitlarim reja asosida ishlab berishdi. Birinchi bo'limni yuqori pressing asosida raqibni o'z yarim maydonida ushlashga harakat qildik. Bu qo'limizdan keldi, yaxshi imkoniyatlar bo'ldi, bundan foydalana olmadik. Biz ko'plab vaziyatlar yaratib, gollar ura olmayapmiz, bugun penaltidan foydalana olmadik. Oltinchi turga keldik, yigitlarda charchoq alomatlari sezilmoqda. Jamoa yosh, bunday ciklda o'ynash juda qiyin. Lekin ular oldilariga qo'yilgan vazifani bajarishdi va g'alabaga erishdik.

- Jamoa o'tgan o'yinda ham bugun ham oddiy gollar o'tkazib yubordi. Himoyachilar xato qilayotgandek tuyulmayaptimi?

- Tuyulmoqda. Ular endi-endi tajriba orttirmoqda. Bizning oldimizdagi vazifa - ularni katta futbolga etkazish. Shunday raqobatda ushbu futbolchilar o'sishga ega bo'lishadi, o'ziga bo'lgan ishonch oshadi. Bunday xatolarning kelib chiqishi sababi - ularning o'zlariga bo'lgan ishonchining kamligi sabab. Futbolchilar esa ruhan shu holatga kirib ketadi. Bizda psixologlar bor, ular jamoaga yordam beradi. Lekin baribir shunday o'yinlar orqali futbolchilar tajriba orttiradi va keyingi o'yinlarda bunday xatolar qilmaslikka harakat qiladi. O'yinni taxlil qilgandan keyin shu xatolar ustida ishlaymiz va bularni bartaraf qilishga harakat qilamiz.

- Savolim Muhammadyusuf Fayzullaev haqida. Yaxshi hujumchi, ko'p harakat qiladi. Lekin hujumchining vazifasi gol urish. Bugun ham o'tgan o'yinlarda ham 99 foizlik imkoniyatlardan foydalana olmayapti. Siz o'zbek futboli uchun top-darajadagi hujumchi bo'lgansiz. Qandaydir ishlanmalar bo'lmayaptimi?

- Darvoza yonida individual mashg'ulotlar o'tkazamiz. Bu baribir hayajon bilan bog'liq. Biz uni katta futbolga tayyorlayapmiz. Mayli hozir gol ura olmayapti. Keyingisida urar, hudo xohlasa. Bir-ikkita vaziyatdan gol ura olmasa, umuman gol ura olmaydi, deganimasku. Birinchi davra yakunigacha 6-7ta gol urishiga ishonaman. Uni 8 yoshidan beri bilaman, imkoniyatlarini ko'rganman. U gol urmay, urmay, bir ursa, beshtalab gol urib tashlashi mumkin. Chunki uning odati shunaqa. Lekin u o'zining mehnatini doimo oqlaydi. Igor Sergeevni misol qilib olaylik, Samvel Babayan ham uni qora ishlarga ko'mib tashlardi. Muhammadyusuf ham shunday, qora ishlarni ko'p bajaradi. Sergeev ham o'sha paytlari unchalik zo'r hujumchi emasdi-ku, to'g'rimi? Bizning shogird ham hozir aynan o'sha Sergeev kabi. Mehnat orqali u o'sha darajaga etadi. Buning uchun u to'siqlardan o'tadi, faqat sal sabr va bolaga ishonch kerak. Biz ishonyapmiz, unda hali o'sish bo'ladi. Buning uchun etarlicha sharoitlar yaratib beryapmiz.

- Qatorasiga ikkinchi o'yinda "G'azalkent" jamoasiga gol urgan futbolchi golini nishonlamadi. Menimcha ushbu futbolchilarga bir vaqtlar bosh murabbiy bo'lgansiz. Bu gollar Sizga qanchalik ta’sir o'tkazadi?

- Gollarning menga ham quvonch berishi bo'lishi mumkin. Chunki ularni kichkinaligidan tarbiyalab kelardik. Olimpiya zaxiralari kollejidan keyin boshqa jamoalarga o'tib ketishdi. O'shanda biz ham qarshilik ko'rsatmaganmiz. Qayerda bo'lsa ham futbolchi bo'lib ketishini istaganmiz, oqibatni yo'qotmaganmiz. Bu o'sha harakatlarning qaytimi deb o'ylayman. Abduvohid Oxtaev qo'l ostimda o'ynadi. Muslim Habibullaev biz orqali terma jamoalarda harakat qildi. Bu futbolchilar golini nishonlamasdan hurmatini namoyish qilib berdi. Bizning mehnatlarimiz besamar qolib kyetmadi. Ularning futbolchiligiga qandaydir ta’sir o'tkazdikki, ular buni unutishmadi.

- Jamoa juda yosh. Turli yoshdagi termalarning o'zagi. Endi muammo tomoni shundaki, ko'plab futbolchilar termalar yig'inlariga chaqiruv olishmoqda. Bu jamoaning navbatdagi o'yinlariga qanchalik ta’sir o'tkazadi?

- Bu qiyinchilik tug'diradi. Boshqa jamoalarning tarkibi juda katta. Bizda ro'yxatdan o'tkazilmagan futbolchilar ham bor edi. Yil boshida reja qilinganda futbolchilarning termalarga ketishini ham hisobga olish kerak. Sadirjonov bilan Ro'ziboevni o'yin boshidan o'ynatdik. Chunki ular ikki o'yindan keyin termaga ketishini bilardik. Shu orqali ular jamoa ixtiyorida bo'lib turgan paytda xizmatidan foydalanib oldik. Ular o'z tajribasini ham oldi. Shu sababli ular ruhan ham termaga tayyor bo'lib boradi.

- Korshunovning medialigadagi o'yinlarini ko'rganmiz. U professional futbolda ham chiroyli o'ynab yuborishga harakat qilmayaptimi? Agarda chiroyli harakatlar qilib yuborsa, jurnalistlar uni ko'tarib yuborishadi.

- Uning oyog'i juda tez. To'p tushib qolsa, undan to'pni olib qo'yish juda qiyin. Uni asosiy tarkibda ham o'ynatib ko'rdik. Biroq u zaxiradan o'yinga qo'shilsa, ko'proq foydali bo'larkan. Chunki raqib jamoa charchab qolganda, uni qanotga qo'ysak, o'z driblingi orqali o'yinni kuchaytirib bera oladi va tepishi kerak bo'lgana joyda ikkilanmasdan tepaveradi.

Ўхшаш янгиликлар