
Superliga. 10-tur
“Bunyodkor” – “Navbahor” 2:1
Bosh hakam: Ahrol Risqullaev
Yordamchi hakamlar: Oybek Boboev, Atham Sunnatov
Zaxira hakami: Asadbek Qosimjonov
VAR hakami: Jasur Muxtorov
AVAR hakami: Islom Azimov
Nazoratchi: Jahongir Saidov
Komissar: Jalolxon Inog'omxo'jaev
Gollar: 0:1 – 2, Shohmalik Komilov, 1:1 – 28, Matiya Krivokapich, 2:1 – 58, Matiya Krivokapich (Bilolxon Toshmirzaev)
"Bunyodkor": 16.Federiko Botti, 4.Najmiddin Normurodov, 6.Boburbek Yuldashov (3.Sardor Rahmonov, 65), 9.Matiya Krivokapich (28.Samandarjon Mavlonqulov, 77), 15.Marko Bugarin, 17.Muzaffar Olimjonov, 18.Narimonjon Ahmadjonov, 21.Nosirjon Abdusalomov (10.Amir Turaqulov, 90+3), 23.Asadbek Rahimjonov (8.Dmitriy Pletnev, 65), 66.Azizbek To'lqunbekov, 77.Bilolxon Toshmirzaev (7.Shahboz Umarov, 77)
Zaxira: 1.Abdumavlon Abduljalilov, 11.Sardor Abdunabiev, 27.Islom Anvarov, 88.Mirkamol Annamatov
"Navbahor": 1.O'tkir Yusupov, 2.Saidazamat Mirsaidov, 6.Shohruhbek Abdurahmonov (8.Diyor Xolmatov, 70), 10.Shohmalik Komilov (23.Vanya Ilich, 46), 20.Quvondiq Ro'ziev, 22.Umar Adhamzoda, 28.Kati Katulondi (4.Islombek Mamatkazin, 84), 34.Giorgi Jgerenaya (5.Dilshodjon Komilov, 22), 44.Anri Chichinadze, 77.Muhammadali Usmonov (7.Ruslanbek Jiyanov, 46), 97.Aleks Nassimento Fernandes.
Zaxira: 35.Valijon Rahimov, 13.Opeyemi Teidi Benjamin, 18.Isoxon Musoxonov, 70.Abbosjon G'ulomov
Ogohlantirishlar: Azizbek To'lqunbekov (26), Matiya Krivokapich (47), Nosirjon Abdusalomov (63), Federiko Botti (81), Samandarjon Mavlonqulov (86), Marko Bugarin (90+4), Aleks Nassimento Fernandes (90+4)
90+5’ – UCHRASHUV YAKUNLANDI!
Bosh hakam Ahrol Risqullaevning hushtagi yangradi. "Bunyodkor" o'z maydonida "Navbahor" ustidan 2:1 hisobida g'alaba qozondi.
Ikkinchi bo'lim ancha shiddatli va voqealarga boy o'tdi. Matiya Krivokapichning dubli "qaldirg'ochlar"ga muhim g'alabani taqdim etdi. "Navbahor" safida Shohmalik Komilov tomonidan birinchi bo'limda kiritilgan gol mehmonlar uchun yagona bo'lib qoldi. Namanganliklar so'nggi soniyalargacha bosimni susaytirishmadi, biroq "Bunyodkor" mudofaasi va darvozabon Federiko Bottining ishonchli o'yini mezbonlarga ustunlikni saqlab qolish imkonini berdi.
Yakuniy hisob: "Bunyodkor" 2:1 "Navbahor"
Matnli translyatsiyani kuzatib borganingiz uchun tashakkur! Xayr, salomat bo'ling!
90+2' – XAVFLI VAZIYAT! – "Bunyodkor" uchrashuvga nuqta qo'yishi mumkin edi. Shahboz Umarov darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib bordi, biroq uning yo'llagan zarbasi noaniq chiqdi. Mezbonlar juda qulay imkoniyatni qo'ldan chiqarishdi.
90’ – Ikkinchi bo'limning asosiy vaqti o'z nihoyasiga etdi. Bosh hakam Ahrol Risqullaev tomonidan uchrashuvning ikkinchi bo'limiga 5 daqiqa vaqt qo'shib berildi. Drama davom etadi!
86’ – XAVFLI VAZIYAT! – Quvondiq Ro'ziev himoyada to'pga yetishda qo'pol xatoga yo'l qo'ydi. Bundan unumli foydalangan Samandarjon Mavlonqulov katta tezlikda raqibidan o'zib ketdi. Xavfni bartaraf etish uchun oldinga chiqqan darvozabon O'tkir Yusupov to'pni maydon tashqarisiga tepib yubordi. Biroq Samandarjon Mavlonqulov darvozabonning oyog'iga zarba bergani uchun bosh hakam tomonidan sariq kartochka bilan jazolandi.
84' – "Navbahor" tarkibida navbatdagi o'zgarish: Kati Katulondi o'z o'rnini Islombek Mamatkazinga bo'shatib berdi. Mehmonlar mudofaa chizig'ini mustahkamlagan holda o'yinni davom ettirishadi.
81’ – "Bunyodkor" darvozaboni Federiko Botti o'yin vaqtini ataylab cho'zgani uchun bosh hakam Ahrol Risqullaev tomonidan sariq kartochka bilan jazolandi. Uchrashuv yakuniga yaqin mezbonlar hisobdagi ustunlikni saqlab qolishga harakat qilishmoqda.
77' – Maydonni Matiya Krivokapich va Bilolxon Toshmirzaev tark etdi, ularning o'rniga Samandarjon Mavlonqulov hamda Shahboz Umarov bahsga qo'shildi.
75’ – Vanya Ilich darvoza tomon kuchli zarba yo'lladi. To'p yo'l-yo'lakay himoyachiga tegib, maydon tashqarisiga chiqib ketdi. “Navbahor” burchak to'pini amalga oshiradi.
70' – Aleks Nassimento Fernandes jarima maydoni tashqarisidan kuchli zarba yo'lladi. "Bunyodkor" posboni Federiko Botti mahorat ko'rsatib, xavfni bartaraf etdi va to'pni qaytarib qoldi. Mehmonlar bosimni oshirishda davom etishmoqda.
70’ – “Navbahor” safida navbatdagi o'zgarish: Shohruxbek Abdurahmonov o'z o'rnini Diyor Xolmatovga bo'shatib berdi. Mehmonlar markaziy chiziqni yangilash orqali hujumkorlikni oshirishga harakat qilishmoqda.
65’ – “Bunyodkor” tarkibida qo'sh o'zgarish: maydonni Asadbek Rahimjonov va Boburbek Yuldashov tark etdi. Ularning o'rniga Dmitriy Pletnev hamda Sardor Rahmonov bahsga qo'shilishdi. Mezbonlar tarkibni yangilab, ustunlikni saqlab qolishga harakat qilishmoqda.
65' – XAVFLI VAZIYAT! – "Navbahor" hisobni tenglashtirish uchun qulay imkoniyatga ega bo'ldi. Quvondiq Ro'ziev jarima zarbasidan to'pni jarima maydoniga uzatib berdi. Unga Dilshodjon Komilov bosh bilan zarba yo'lladi, biroq to'p darvoza ustuni yuqorisidan o'tib ketdi.
63’ – Nosirjon Abdusalomov raqibining oyog'ini bosib olgani uchun bosh hakam tomonidan sariq kartochka bilan jazolandi. Maydon egalari safida navbatdagi ogohlantirish.
58' – GOOOOOOL! – “Bunyodkor” hisobda oldinga chiqib olmoqda! Bilolxon Toshmirzaev o'ng qanotda raqibini aldab o'tib, to'pni markazga uzatdi. Matiya Krivokapich esa jarima maydoni ichida to'pni to'xtatmasdan kuchli zarba bilan darvozaga joylab qo'ydi. Mezbonlar iroda ko'rsatishmoqda – 2:1.
57’ – “Navbahor” vakili Ruslanbek Jiyanov chap oyoqda zarba yo'lladi. Biroq uning ijrosidagi zarba noaniq chiqdi, to'p darvoza yuqorisidan o'tib ketdi.
54’ – “Navbahor” hujumi vaqtida Saidazamat Mirsaidov ofsaydda qolib ketgani ma'lum bo'ldi. Yordamchi hakam bayroqchasini ko'tardi, to'p “Bunyodkor”ga qaytarib berildi.
47’ – "Bunyodkor" hujumchisi Matiya Krivokapich raqibga nisbatan ishlatgan qo'polligi uchun bosh hakam tomonidan sariq kartochka bilan jazolandi. Mezbonlar safida navbatdagi ogohlantirish.
46’ – Ikkinchi bo'lim boshlandi! Jamoalar maydonga qaytishdi. “Navbahor” tarkibida tanaffusdan so'ng ikkita o'zgarish amalga oshirildi: Muhammadali Usmonov o'rniga Ruslanbek Jiyanov, birinchi bo'limda gol urgan Shohmalik Komilov o'rniga esa Vanya Ilich bahsga qo'shildi. Jamoalar kurashni davom ettirishadi.
45+4’ – Birinchi bo'lim yakunlandi! Bosh hakamning hushtagi jamoalarni tanaffusga taklif etdi.
Dastlabki bo'lim voqealarga boy bo'ldi: Shohmalik Komilovning jarima zarbasidan kiritgan goliga Matiya Krivokapich javob qaytardi. Shuningdek, mezbonlarning bitta goli VAR tekshiruvidan so'ng bekor qilingan bo'lsa, mehmonlarning hujumidan keyin to'p darvoza ustuniga tegdi. Jamoalar 1:1 hisobidagi durang bilan kiyinish xonasiga yo'l olishdi. Tanaffus.
45’ – Birinchi bo'limning asosiy vaqti o'z nihoyasiga etdi. Bosh hakam Ahrol Risqullaev tomonidan dastlabki bo'limga 4 daqiqa vaqt qo'shib berildi.
44' – “Navbahor” futbolchilari chap qanotdan xavfli hujum uyushtirishdi. Jarima maydoniga havolatib uzatilgan to'pni Kati Katulondi bosh bilan darvozaga yo'lladi. “Bunyodkor” darvozaboni Federiko Botti to'g'ri poziciya tanlab, to'pni qiyinchiliksiz egallab oldi.
39' – Bilolxon Toshmirzaev jarima zarbasidan to'pni jarima maydoniga uzatib berdi. "Navbahor" vakili Opeyemi Teidi ishonchli harakat qilib, xavfni bartaraf etdi va to'pni uzoqlashtirdi.
35’ – Bilolxon Toshmirzaev jarima zarbasini ijro etdi. Uning yo'llagan kuchli zarbasi “jonli devor”ga tegib qaytdi. Mezbonlarning xavfli hujumi besamara yakunlandi.
34' – Maydon markaziga yaqin hududda qoida buzildi. “Bunyodkor” a'zosi Bilolxon Toshmirzaevga nisbatan ishlatilgan qo'pollikdan so'ng, bosh hakam Ahrol Risqullaev o'yinni to'xtatib, mezbonlar foydasiga jarima zarbasi belgiladi.
28' – GOOOOOOL! – "Bunyodkor" muvozanatni tikladi! Maydon egalarining hujumini Azizbek To'lqunbekov boshlab berdi. Nosirjon Abdusalomovning yo'llagan zarbasini darvozabon O'tkir Yusupov ushlab qolishda qo'pol xatoga yo'l qo'ydi. Qaytgan to'pga birinchi bo'lib yetib kelgan Matiya Krivokapich vaziyatdan unumli foydalanib, hisobni tenglashtirdi – 1:1.
26' – Maydon markaziga yaqin hududda "Bunyodkor" a'zosi Azizbek To'lqunbekov raqibiga nisbatan qo'pollik ishlatdi. Qoida buzilishidan so'ng futbolchi bosh hakam Ahrol Risqullaevning qaroriga keskin etiroz bildirgani uchun sariq kartochka bilan jazolandi. Uchrashuvdagi ilk ogohlantirish.
22' – “Navbahor” tarkibida ilk o'zgarish: maydonni Giorgi Jgerenaya tark etdi. Uning o'rniga Dilshodjon Komilov bahsga qo'shildi. Mehmonlar safida majburiy o'zgarish yuz berdi.
19' – "Navbahor" navbatdagi hujumini tashkil etdi. Muhammadali Usmonovning (#77) yo'llagan zarbasi himoyachiga tegib, rikoshet holatida maydon tashqarisiga chiqib ketdi. Mehmonlar burchak zarbasidan foydalanishadi.
16' – XAVFLI VAZIYAT! – "Navbahor" hisobni oshirishga juda yaqin keldi. Kati Katulondining yaqin masofadan yo'llagan zarbasi darvoza ustuniga tegib qaytdi. "Bunyodkor"ni muqarrar goldan omad qutqarib qoldi.
15' – GOL BEKOR QILINDI! – VAR tizimidagi tekshiruvdan so'ng bosh hakam Ahrol Risqullaev qarorni e'lon qildi. Matiya Krivokarich to'pni qo'li bilan darvozaga yo'llagani aniqlandi. “Bunyodkor”ning goli inobatga olinmadi, hisob o'zgarishsiz qolmoqda – 0:1.
10' – GOOOOOOL! – "Bunyodkor" hisobni tenglashtirmoqda! Muzaffar Olimjonov tomonidan yo'llangan zarbani O'tkir Yusupov qaytarishga erishdi, biroq qaytgan to'pga Matiya Krivokagich hammadan oldin yetib kelib, uni darvozaga joylab qo'ydi.
Biroq bosh hakam Ahrol Risqullaev VARdagi hamkasblari yordamida vaziyatni qayta ko'zdan kechirmoqda. Krivokapich yiqilgach, to'pni qo'li bilan darvozaga kiritgan bo'lishi mumkin. Gol inobatga olinadimi yoki yo'q – hozircha noma'lum.
9' – "Navbahor" vakili Muhammadali Usmonov chap qanotdan faollik ko'rsatib, raqib jarima maydoniga kirib bordi. Uning markaziy zonaga yo'llagan xavfli uzatmasiga jamoadoshlari yetib kela olishmadi – vaziyat yakuniga etmay qoldi.
2. GOOOOOOL! – "Navbahor" uchrashuvda hisobni ochmoqda! Shohmalik Komilov jarima zarbasini mohirona ijro etib, to'pni darvoza to'riga aniq yo'lladi. Federiko Bottining say-harakatlariga qaramay, to'p to'rdan joy oldi. Mehmonlar oldinga chiqib olishdi – 0:1.
1' – Uchrashuv boshlandi! Bosh hakam Ahrol Risqullaevning hushtagi bahsga start berdi. Bugun maydon egalari – "Bunyodkor" futbolchilari to'q binafsharang, Namanganning "Navbahor" jamoasi esa oq liboslarda harakat qilishadi.