Ro'ziqul Berdiev: "Tavakkalimiz foyda berdi"

  • Mr.NoBoDy 29.04.2026 01:48
  • 1319
  • 30

"Paxtakor" hamda "Nasaf" o'rtasidagi Superliganing 10-tur bahsidan so'ng (2:2) Ro'ziqul Berdiev matbuot anjumanida ishtirok etdi.

Ro'ziqul Berdiev: “Paxtakor”ni yaxshi bilamiz, ular to'p bilan yaxshi harakat qilishadi. Shu sababli raqibga bosim o'tkazib, to'p nazoratiga imkon bermaslik bo'yicha ko'rsatmalar bergan edim. Safarda “Paxtakor” bilan durang - yomon natija emas deb o'ylayman. Kelasi bahslarda yana markaziy himoyachilarsiz qolamiz. Bugungi uchrashuvda 1 ochkoga haqli edik deb o'ylayman.

- “Nasaf” “Neftchi” bilan ham yaxshi o'ynagan edi. Qarshiliklar bugun ham yomon harakat qilishmadi va vaziyatlardan unumli foydalanishdi. O'yinlarni solishtirsak, “Neftchi” imkoniyat bermaganmidi yoki “Paxtakor” kuchli o'ynamadimi?

- Bugun “Paxtakor”ga erkin harakat qilishga imkon bermadik. Birinchi bo'limda Alijonovning golini hisobga olmasak, raqibda vaziyat bo'lmadi. Himoyachilar bilan muammolar boshlanganidan so'ng ochkolar yo'qota boshladik. Umar (Eshmurodov)ning qaytishi jamoamizga kuch berdi. Himoyada avvalgi bahslarga nisbatan yaxshiroq harakat qildik.

- Avvalgi mavsumlarda natija uchun mashhur va tajribali futbolchilardan foydalanildi. Bu mavsum esa ko'proq yoshlar ishga solinmoqda. Ular qanchalik tayyor?

- Jamoamizning bu yilgi asosiy maqsadlaridan biri aynan shu - yoshlarning tajribasini orttirish va ularga ko'proq imkoniyat berish hamda terma jamoaga futbolchi yetishtirib berish. Hozir ham terma jamoada ko'plab “Nasaf” tarbiyalanuvchilari to'p tepmoqda.

- Bugun himoyada yaxshiroq o'ynadik deyapsiz, ammo o'tgan bahsda 3 ta gol o'tkazdingiz, bugun esa 2 ta…

- Albatta har doim iloji boricha gol o'tkazmaslikka harakat qilamiz. Umarning qaytishi ham bizga katta yordam berdi. Alibek Davronov bo'lganida G'olib (G'aybullaev) bilan uchchalasi himoyani bemalol eplashar edi. Agar bugun Umar bo'lmaganida “Paxtakor” bizga ko'proq gol urishi mumkin edi. "Sherlar” bilan etarlicha tajribaga egamiz va bir kishi kam bo'lib ham o'zimizga kerakli natijalarga erishganmiz. Bugun ham omadimiz keldi.

- “Nasaf” penaltigacha bosim qilmadi, gol o'tkazib yuborgach esa yaxshiroq o'ynadi. Jamoa nega bu ishni penaltigacha amalga oshirmadi?

- Bu safargi oxiridagi bosimimiz tavakkal edi. Penalti va qizil kartochkadan keyin boshqa yo'limiz ham yo'q edi. Tavakkalimiz foyda berdi.

- Taktika bo'yicha mahoratli murabbiylardansiz. Kutilmaganda chap qanotda o'zgarishlar qildingiz. Bu qaroringiz sababi Alijonov ko'pincha hujumga o'tganimi?

- To'g'ri payqabsiz. Shunday o'zgarishlar qilib turishimizni bilasiz. Bobirni o'ngga, Sharofni chapga qo'ydik. Keyin Muhitdinovning charchog'ini ko'rib, o'rniga Murtazaevni tushirdik. Zafarmurod Alijonovni personal yopishi kerak edi. Bor tarkibga qarab taktika tuzishimizga to'g'ri kelyapti. To'g'ri, natijalar juda zo'r emas, ammo yigitlar o'sishda davom etmoqda.

- Hakamlarga bog'liq vaziyatlar sizni asabiylashtiryaptimi?

- Nafaqat bu xatolar, jamoa boshqa sabablar tufayli ham hissiyotlarini boshqara olmayapti. Hatto o'zimda ham shunday bo'lyapti. Buning ustida ishlayapmiz. Har qanday holatda ham yigitlar o'zini boshqara olishi kerak.

Ўхшаш янгиликлар