"G'azalkent" bosh murabbiyi Zayniddin Tojiev: "Shunday o'yinlar orqali tajriba to'plab boramiz"

  • Mr.NoBoDy 21.04.2026 20:32
  • 49
  • 30

Proliga 4-turdan o'rin olgan "FarDU" – "G'azalkent" bahsi 2:2 hisobida yakun topdi.

O'yindan keyin "G'azalkent" bosh murabbiyi Zayniddin Tojiev matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?

- Kurashlarga boy, qiziqarli bahs guvohi bo'ldik. Uchrashuv muxlislarga yoqdi deb o'ylayman. G'alabaga yaqinroq edik, lekin oxirgi daqiqada gol o'tkazib, 2:2 hisobini qayd etdik. Futbolchilarimiz hali yosh, shu kabi o'yinlar orqali tajriba to'plab boramiz. Keyingi o'yinlarda xatolarni kamaytirishga harakat qilamiz. "FarDU" jamoasiga keyingi uchrashuvlarda omad tilayman.

- Jamoangiz futbolchilari o'yindan o'yinga kuchayib bormoqda deb hisoblaysizmi?

- Birinchi turdan boshlab hozirgi turgacha to'rtta o'yinda maydonga tushgan bo'lsak, jamoamiz o'yindan o'yinga qo'shyapti. Futbolchilarda o'ziga ishonch ortmoqda, tajriba ham ortib bormoqda. Keyingi bahslarda ham yaxshi o'yin ko'rsatishga harakat qilamiz. Futbolchilarimizning mashg'ulotda yaxshi qatnashib, o'yinga borini berayotgani baribir o'z samarasini beradi.

- O'tgan ikki turda "G'azalkent" faqat bir ochko jamg'ardi. Shundan so'ng nimalarni o'zgartirdingiz?

- Birinchi navbatda rotaciyaga qo'l urdik. Ro'ziboev o'rniga boshqa futbolchini sinab ko'rdik, har ikkala qanotda o'yinchilarni almashtirdik, zaxiradan boshqalar tushdi. O'zimizning rejamiz bor edi, qolaversa raqibni o'rgangan holda bazi o'zgarishlarni amalga oshirdik.

- Jamoangiz bahsni yaxshi boshladi, to'p nazorati ham sizlarda edi. Ammo oxirgi daqiqalarda to'p nazorati qo'ldan chiqdi va buning oqibatida gol o'tkazildi. Bunga nima sabab bo'ldi?

- Maydonga chiqib ko'rsangiz bilasiz, maysa juda yumshoq ekan, bu esa o'yinga ta’sir qildi. Futbolchilar oyog'imning orqa qismi tortib qolyapti deyishdi. Lekin to'p nazoratini tashlab yubormadik, ozgina pauza ushladik xolos. Qarshi hujumlarga bemalol chiqdik, agar kuchimiz etmaganida chiqa olmasdik. Oxirgi to'rt daqiqada hisobni ushlab qolish uchun o'ynadik. Faqat ko'proq orqaga o'tirdik. Ammo diqqatni yo'qotib qo'yganimiz yo'q. Futbolchimiz to'pni ozgina ikki metr boshqa joyga tepganida umuman boshqacha bo'lardi. Endi bu futbol, buni o'yin deydilar.

- Diyorbek Tojievning holati qanday?

- Futbolchimiz jarohat oldi va qay holatda ekanini shifokor xulosasidan keyin bilamiz. Mayli, hakamlarni gapirmaymiz, fakt shuki u jarohat oldi, o'yin tugaganidan keyin futbolchimizni maydondan ko'tarib chiqib kyetishdi.

- O'tgan mavsum Birinchi ligada qatnashgan "Zamin" bilan hozirgi "G'azalkent" qanchalik uyg'unlashgan. U jamoadan nechta futbolchi jalb qilingan?

- "Zamin"dan faqat ikki nafar o'yinchini taklif etdik. Qaysidir futbolchilarimiz boshqa jamoalarga ketgandi va ularni ham "G'azalkent"ga taklif etdik. Aksar futbolchilarni 8-9 yoshidan beri tarbiyalab kelyapmiz. Yaqinda ochilgan jamoamizda o'yin surati bor, bu esa bizni xursand qilyapti. Biz g'oya ostida jam bo'lganmiz va shu asosda ish olib boramiz.

- Bu mavsum "G'azalkent" oldiga qanday maqsad qo'yilgan?

- Klubimiz rahbariyati tomonidan biz murabbiylarga yoshlarni tarbiyalab katta futbolga etkazib berish vazifasi qo'yilgan. Qaysi o'rinni olishimizning unchalik farqi yo'q. Yoshlarni katta ftubolga tayyorlash oson emasligini bilamiz, lekin maqsadimiz shu ekan, buning uchun harakat qilamiz. Futbolchilarimizda o'yin amaliyoti etarli bo'lishi uchun ertasi kuni ham o'ynatyapmiz. Hammaga imkon berib, o'yin vaqtini taqsimlagan holda amaliyot berishga harakat qilamiz.

Ўхшаш янгиликлар