
O'yindan keyin "FarDU" bosh murabbiyi Shavkat Yusupov matbuot anjumanida ishtirok etdi.
- O'yin haqida fikringiz?
- Tomoshabop o'yin bo'ldi. Stadionga kelib bizni qo'llab turgan muxlislarga rahmat aytaman. Bahs oxirigacha bizni olqishlab turishdi, bundan juda xursandmiz. Bahs oxirida kiritilgan to'p bizni mag'lubiyatdan qutqarib qoldi. Futbolchilarimizda charchoq alomati sezildi. Bugun maydonda ko'p kuch yo'qotdik. Endi keyingi uchrashuvga tayyorgarlik ko'ramiz. Proligada oson o'yinlar bo'lmayapti, hamma borini beryapti. Chempionat endi boshlandi, nasib qilsa keyingi uchrashuvlarda g'alaba qozonib klubimiz rahbariyatini xursand qilamiz.
- Zaxiradan tushgan Boburbek Farhodov gol urib so'ngra jarohat sabab yana zaxiraga olindi. Uning jarohati qanchalik jiddiy?
- Boburbekda "Jayxun" bilan o'yinda og'riq bor edi. Shu bois G'uzorga olib kyetmadik. U shu yerda qolib davolanishni davom ettirdi. Bugun vaziyatdan kelib chiqqan holda maydonga tushirdik, o'zini ko'rsatib gol urdi, biroq jarohati to'liq bitmaganidan yana oyog'ida og'riq his qildi.
- Sohib Muhammadiev jarohatidan tuzalib maydonga qaytdi. Uning o'yini borasida fikringiz?
- Sohibni qishki yig'in paytida jamoaga qo'shib olgandik. Mavsumoldi o'rtoqlik uchrashuvlarida o'zini ko'rsatib, deyarli har o'yinda gol urdi. Ammo oxirgi o'rtoqlik uchrashuvida jarohat olib, chempionat boshini o'tkazib yubordi. Bugun unga ham imkon berdik. Keyingi o'yinlarda ham yordam beradi degan umiddamiz.
- Jamoangiz asosan "ikkinchi qavat"da yaxshi o'ynab, standart vaziyatlardan gol uryapti. Bu uslubni raqiblar tezda o'rganib olishi mumkin, shunday pallada ikkinchi reja bormi?
- Standart vaziyatlar hozirgi futbolning asosiy qismlaridan biri bo'lib qoldi. Hozir hamma jamoalar standartga katta urg'u beryapti. Biz ham bu borada mashg'ulotlarda ishlayapmiz. Bosh bilan yaxshi o'ynaydigan himoyachilarimiz va hujumchilarimiz bor. Bo'ydor futbolchimiz Rizo Ayvazov o'ynamagan taqdirda boshqa bo'yi kichiklar bilan boshqacha uslubda to'p tepamiz.
- Aprel oyi "Boksing dey" bo'lyapti. Keyingi tur "Aral"ga qarshi bahs sun'iy maydonda kechadi. Bu holat jamoa o'yiniga qanchalik ta’sir qiladi?
- Chindan ham Nukusda sun'iy maydonda o'ynaymiz. Lekin bunga katta e'tibor bermaymiz, chunki sun'iy maydonda o'ynash bo'yicha bizda ham ko'nikma bor.
- "G'azalkent" bosh murabbiyi maydon yumshoq ekan, bu esa o'yinimizga ta’sir qildi degan fikrni bildirdi. Maydon holati sizga qanchalik ta’sir qildi?
- Hamma murabbiylar fikrini hurmat qilaman. Kimdir baland ajriqda o'ynaydi, kimdir past maydonda to'p tepadi. Hamma maydonlar bir xil emas. O'tgan yil ham shu maydonda to'p tepganmiz, bu yil ham shu yerda uy uchrashuvlarini o'tkazyapmiz.