
"Albatta, g'alaba bilan barchani tabriklayman. O'yin oson o'tmadi. O'zi Superligada engil uchrashuv yo'q. Bizning tarkibimizni kuchli deb etirof etishligi mumkin. Lekin bizga qarshi o'ynayotgan jamoalar ham Superliga ishtirokchilari, tarkibida o'rtamiyona futbolchi o'ynamaydi. Har bitta bellashuv og'ir o'tyapti. Shunga qaramay futbolchilar xarakter ko'rsatishdi. O'ylaymanki, bugun stadionga kelgan muxlislar tomoshabop futbol ko'rishdi",- deydi Islombek Ismoilov.
- Xurshid G'iyosov OKMKdagi iqtidorini to'liq ko'rsata olmayotgani va jamoaga moslashishi qiyin bo'layotgani haqidagi fikrga qanday qaraysiz?
- Xurshid G'iyosov iqtidorli futbolchi. Bir necha yillardan beri Superligada barqaror o'ynab kelyapti. Bunday holat futbolda bo'ladi. Dunyo futbolida bor narsa. Gohida futbolchiga yangi jamoaga moslashishiga vaqt kerak bo'ladi. Xurshid jamoaga moslashish uchun harakat qilyapti. Umid qilamizki, tezroq ko'nikish bosqichidan o'tib oladi. Hozirgi holatda ham jamoaga foydasi tegyapti, harakat qilyarti. Ammo to'liq moslashishga vaqt talab etiladi.
- Mayda paslar bilan o'ynash taktika bilan bog'liqmi? Uzoq masofadan zarbalar kamayib ketyapti...
- Agar raqib chuqur himoyalanayotgan bo'lsa, biz qisqa paslar bilan o'ynashga majburmiz. "Nasaf" bugun asosan ikkinchi zonada kutdi. Yuqori pressing qilmadi. Shu bois to'pni nazorat qilish uchun imkon qadar qisqa paslar bilan o'ynashga harakat qildik. Zarbalarga kelsak, o'yindan oldin futbolchilarga bu borada ko'rsatmalar beramiz. "Nasaf" bir necha yillardan beri har qanday holatda ham yaxshi jamoa bo'lib kelyapti. O'zbekistondagi eng yaxshi murabbiy ishlayapti. Bugun raqib ham uzoqdan zarbalar yo'llashga imkoniyat bermadi. Bitta Ibrohimhalil Yo'ldoshevda imkoniyat bo'lgandi, u ham darvoza to'siniga tegib qaytdi. Futbolchilar ko'rsatmalarni to'liq bajarishga harakat qilishadi. Bosim ostida o'ynash juda murakkab narsa. Qaysidir vaziyatlarda hissiyotlar imkoniyatlarni chegaralab qo'yadi. O'yindan oldin aytilgan narsalarni o'yin paytida qaynoq tempda esdan chiqarib qo'yishadi. Bu tabiiy holat. Ustida ishlaymiz. Uzoqdan gollar ham urishga harakat qilamiz.