
OKMK, "Andijon", "Navbahor", "Qizilqum" kabi jamoalarda o'ynagan hujumchi Nemanya Yovanovich bugungi kunda butsalarini mixga ilgan. Biz u bilan bog'lanib ayni paytdagi faoliyati va O'zbekistondagi damlarini yodga oldik.
- Bugungi kunda nima bilan shug'ullanyapsiz? Qaysi klubda va qanday lavozimda ishlayapsiz?
- Hozirda oilam bilan Germaniyada yashayapman. Qariyb 5 yildan beri shu yerdaman. Quyi ligalardagi jamoalardan birida murabbiylik faoliyati bilan shug'ullanyapman. Ayni paytda UEFA “A” licenziyasini olish uchun o'qiyapman - yana ikki oydan keyin qo'lga kiritaman, degan umiddaman. Shundan so'ng yuqori ligalarda ish topishni maqsad qilganman.
- O'zbekiston chempionatini kuzatib borasizmi? Bugungi o'zbek futboli haqida fikringiz qanday?
- Albatta, doim kuzataman. U yerda hali ham ko'p tanishlarim bor - ayrimlari futbolchi, boshqalari esa murabbiy yoki sport direktori bo'lib ishlayapti. Odatiga ko'ra, “Paxtakor”, “Nasaf”, “Navbahor”, “Neftchi” kabi jamoalar har yili yuqori o'rinlar uchun kurashadi. Umuman olganda, yaxshi jamoalar ko'p va chempionat raqobatbardosh.
- OKMK, “Navbahor”, “Andijon”, “Qizilqum” kabi klublarda o'ynagansiz. O'sha davrlardan qanday xotiralar qolgan?
- Shuni ayta olamanki, qaysi jamoada o'ynagan bo'lsam ham o'zimni juda yaxshi his qilganman. Murabbiylar ham yaxshi edi, muxlislar esa ajoyib. O'zbekistonda odamlar futbolni juda yaxshi ko'radi. U yerda ko'plab do'stlar orttirdim va bu men uchun juda qadrli.
- O'zbekiston chempionati tarixidagi eng kuchli serbiyalik legionerlardan kimlarni alohida takidlagan bo'lardingiz?
- Juda ko'p kuchli serbiyalik futbolchilar o'ynagan. Lekin, menimcha, Dragan Cheran eng katta taassurot qoldirgan futbolchilardan biri.
- O'zbekiston terma jamoasidan Jahon chempionatida nima kutayapsiz?
- Menimcha, ular guruhdan chiqishadi. Keyin esa - hammasi futbolga bog'liq. Terma jamoada juda yaxshi jamoaviy muhit bor, iqtidorli yoshlar ko'p. Shuningdek, Yevropada yuqori saviyada o'ynayotgan bir necha futbolchilaringiz ham bor. Barchasi futbolchilarning o'yiniga bog'liq, lekin hamma narsa ro'y berishi mumkin - balki O'zbekiston bir necha yil avvalgi Marokash kabi sensaciya ko'rsatar.