Eldor Moyliev: "Yigitlarga katta rahmat. Ular ko'rsatmalarni to'g'ri bajarishdi"

  • Mr.NoBoDy 17.04.2026 01:32
  • 285
  • 30

Proliganing 3-turi doirasidagi "QMU Jayhun" - "Lochin" (0:2) uchrashuvidan keyin mehmonlar bosh murabbiyi Eldor Moyliev matbuot anjumanida qatnashdi.

- Chiroyli o'yin bo'ldi. Biz Jayxunni kurashuvchan jamoa ekanligini bilardik. Ularning o'tgan ikki turdagi o'yinini ko'rdik. Jamoa yuqori chiziqda pressing qilishini hisobga olgan holda o'yinga tayyorgarlik ko'rdik. Shu orqali o'z maqsadimizga etdik va qarshi hujumlarda raqibni ushladik. Jamoa mavsumni ikki mag'lubiyat bilan boshlagani sababli oldinga o'tishini kutgandik va qarshi hujumlarga tayandik. Yigitlarga katta rahmat. Ular ko'rsatmalarni to'g'ri bajarishdi.

- Bugungi o'yinda jamoangiz havodagi to'p uchun kurashda mag'lub bo'lmadi. Bu ushbu o'yin uchun bo'lgan alohida tayyorgarlikmidi yoki jamoaning yutug'i?
- Himoyachilarimiz bu jabhada yaxshi harakat qilishadi. Ularning ko'pchiligi juda tajribali. Ularning tajribasi evaziga biz havodagi to'plarda g'olib bo'ldik.

- Jamoa ikkinchi bo'limda to'pni ushlab turish orqali tempni tushirishga harakat qildi.
- Raqiblar uzun paslar orqali himoyadan chiqar ekan. Biz ularning uslubiga tushib qolmaslik uchun e'tiborni to'pbi ushlashga qaratdik. Paslar orqali himoyadan chiqishga intilgandik, lekin maydon holati bunga yo'l qo'ymadi. Baribir sun'iy maydonda futbol o'ynash qiyinroq. Biz tabiiy maydonda o'ynaymiz. Shu sababli bu maydonda futbol o'ynash bizga qiyinchilik tug'dirdi.

- Bugungi o'yinda jamoangizdagi kamchiliklarni ko'rib olgan bo'lsangiz kerak. Keyingi o'yinda tarkibda tub o'zgarishlar qilinadimi?
- Yo'q. Tarkibimizga ishonamiz. Futbolchilar aqlli, tartibli. Yaxshi futbol o'ynashni biladi. Aytilgan vazifalarni bajaradi. Shu yigitlar orqali biz kurashamiz va muxlislarni xursand qilishga harakat qilamiz.

Ўхшаш янгиликлар