
O'zbekiston futbol Assotsiatsiyasi va Olimpiya qo'mitasi bilan hamkorlikda o'tkazilayotgan liganing formati 7x7 ko'rinishida tashkil etilgan bo'lib, o'yinlar har biri 20 daqiqadan iborat bo'lgan ikki bo'limda o'tkazilmoqda.
Ayni vaqtda United MFL doirasida 16 ta media jamoa ishtirok etmoqda. Mazkur jamoalar 4 tadan iborat 4 guruhga bo'lingan holda o'zaro bahs olib borishmoqda. Hozirga qadar ligada 2 ta tur yakunlandi.
Liga reglamenti xalqaro media ligalar standartlariga to'liq mos ravishda ishlab chiqilgan. Shuningdek, o'yinlar davomida tomoshabinlar uchun qiziqarli bo'lgan turli interaktiv elementlar joriy etilgan bo'lib, ular qatoriga bullit, two touch hamda media penalty kabi formatlar kiradi.
United MFL uchrashuvlari “Jar” stadionida o'tkazilmoqda. Bundan tashqari, o'yinlar “Futbol TV” telekanali hamda liganing rasmiy sahifalarida jonli efir orqali keng ommaga taqdim etilmoqda.
Mazkur liga yurtboshimizning jismoniy tarbiya va sportni, xususan futbolni hamda ommaviy futbolni rivojlantirish, yoshlar o'rtasida sog'lom turmush tarzini keng targ'ib etish va ommaviy sportni qo'llab-quvvatlashga qaratilgan qaror hamda tashabbuslarini qo'llab-quvvatlagan holda faoliyat yuritmoqda.
Shuningdek, ligada O'zbekiston futboli afsonalari - Odil Ahmedov, Sanjar Tursunov, Vitaliy Denisov kabi tajribali sobiq futbolchilar ham faol ishtirok etmoqda.
Bundan tashqari, United MFL doirasida muxlislar uchun har bir o'yinda turli qiziqarli sovrinlar taqdim etib borilmoqda. Jumladan, smartfonlar, maxsus to'plar hamda turli atributikalar o'yin davomida muxlislarga sovg'a qilinadi.
Yana bir muhim jihati shundaki, liga turli soha vakillari, xususan elimiz ardog'idagi sanatkorlar ham ishtirok etmoqda. Jumladan, Benom guruhi, Umar Shamsiev hamda Mustafo kabi mashhur ijodkorlar United MFL tarkibida faol qatnashib kelmoqda.


