Xuan Musso Fermin Lopes bilan to'qnashuv haqida: "Bu qanday qilib penalti bo'lsin? Uning o'zi oyog'imga kelib urildi"

  • Mr.NoBoDy 15.04.2026 12:08
  • 324
  • 30

Madridning "Atletiko" klubi darvozaboni Xuan Musso YCHL 1/4 finali doirasidagi "Barselona"ga qarshi bahsda (1:2) yuz bergan shov-shuvli vaziyat borasida o'z fikrini bildirdi.

Uchrashuvning 25-daqiqasida Fermin Lopes uzatilgan to'pni boshi bilan darvozaga yo'llashga harakat qildi. Musso zarbani qaytardi, biroq o'sha vaziyatda kataloniyaliklar yarim himoyachisi darvozabonning butsasiga yuzi bilan kelib urildi. Natijada Ferminning burnidan qattiq qon kyetishni boshladi va tibbiy xodimlar qariyb 30-daqiqagacha uni to'xtatishga urinishdi.

"Bu qanday qilib penalti bo'lishi mumkin? Men tabiiy harakat qildim va o'sha vaziyatda o'zimga ham og'riqli bo'ldi - u o'zi kelib oyog'imga urildi.

Qanday qilib kimdir meni ataylab hamkasbimga zarba berdi deb o'ylashi mumkinligini tushunmayapman", - dedi argentinalik posbon o'yindan so'ng.

Eslatib o'tamiz, ushbu bahsda "Atletiko" mag'lubiyatga uchragan bo'lsa-da, ikki o'yin natijasiga ko'ra (3:2) yarim final yo'llanmasini qo'lga kiritdi. Hakam Kleman Tyurpen ushbu vaziyatda penalti belgilamagan edi, bu esa "Barselona" vakillarining etirozlariga sabab bo'ldi.

Ўхшаш янгиликлар