
"Har doimgidek, o'z darvozamizga o'zimiz ikkita gol “olib keldik”. Garchi tezkor gollar urib, hisobni tenglashtirgan bo'lsak-da. Ikkinchi bo'limda yaxshi kayfiyat bilan maydonga tushib, vaziyatni nazorat qila boshladik, to'g'ri futbol o'ynay boshladik. Shu paytda - kutilmaganda penalti belgilandi. Yana individual xatolarga yo'l qo'yildi. Afsuski, bu yil har qanday xatomiz gol bilan jazolanmoqda, shuning uchun biror narsa deyish qiyin.
Menda o'yinga oid emas, balki qoidalarga doir savolim bor. Yon hakamlar vaziyatni oxirigacha o'ynashga qo'ymayapti, bayroqchani ko'tarib qo'yishyapti. Biz gol urdik, yon hakam ofsayd qayd etdi, lekin VAR orqali ko'rilgach, o'yindan tashqari holat bo'lmagani ma'lum bo'ldi. Bizning darvozamizga penalti belgilangan vaziyatda ham yon hakam bayroqchasini ko'tarib, vaziyatni oxirigacha o'ynashga imkon bermadi, lekin yakunda baribir penalti belgilandi. Agar qoidalar o'zgargan bo'lsa, men bundan xabardor bo'lishni istardim. Hozir VARga qizil kartochkani ko'rish uchun chaqirishyapti-da, yakunda sariq kartochka ko'rsatishyapti.
Umuman olganda, o'yin tomoshabinlarga yoqqan bo'lsa kerak. Oltita gol urildi-ku", - deya gap boshladi Vadim Abramov.
- Jamoangiz birinchi bo'limda uch daqiqa ichida ikkita gol urib, vaziyatni o'nglab oldi.. Ikkinchi bo'limda shunday "kambek"ni amalga oshirish uchun nima yetishmadi?
- Hozir, o'yin tugashi bilan bir narsa deyish qiyin. Vaziyatlar bo'ldi, ammo so'nggi uzatma yetishmadi. Doimiy ravishda hisobda quvib borish psixologik jihatdan juda og'ir. Hisob 2:3 bo'lib turganida navbatdagi xatoga yo'l qo'yib, to'rtinchi golni o'tkazib yuborganimizdan so'ng ko'pchilikning shashti pasaydi. Kimdir o'yindan uzilib qoldi, kimdir ishtiyoqni yo'qotdi.
- “Dinamo”ning deyarli har bir o'yinida qo'pol individual xatolar guvohi bo'lyapmiz. Futbolchilarning kamroq xato qilishiga qanday erishish mumkin?
- Bu murakkab savol. Mavsumning boshlanishi bu qadar yomon bo'lishini kim ham bilibdi. Avvaliga darvozabonlar xato qildi, endi esa himoyachilar boshladi. Buning nima sababdan sodir bo'layotganiga aniq izoh bera olmayman. Bu holatni engib o'tish kerak, biz shu maqsadda ishlayapmiz. Faqat bir yo'l qoladi - o'z o'yinimizga qaytish va bu xatolarni bartaraf etish ustida ishlash.
- Jamoada muammolar ko'p, shu jumladan maishiy muammolar ham bor. Go'yoki "So'g'diyona" bilan o'yindan so'ng vaziyat barqarorlashgandek edi, biroq inqiroz davom etmoqda. Bu vaziyatdan qanday chiqib kyetishni rejalashtiryapsiz?
- Ortga nazar tashlasak, barcha muvaffaqiyatsizliklarimiz individual xatolar natijasidir. Dastlabki turdanoq hammasi boshqacha bo'lishi mumkin edi. Qanday chiqib ketamiz? Ishlash va vaziyatni qanday to'g'rilash haqida o'ylash kerak. Yigitlarga ishonchni qaytarishimiz zarur. Xatolar doimiy ravishda gollarga olib kelaversa, asabiylik va o'zaro etirozlar paydo bo'ladi. Aynan shu jihat ustida ishlaymiz.
- Klubning moliyaviy ahvoli noaniqligicha qolayotgan bir paytda futbolchilarni ruhlantirish qanchalik qiyin?
- Gap motivaciyada ham emas, balki oddiy maishiy muammolarda. Bazi o'yinchilar Samarqanddagi mashg'ulotlarga o'z vaqtida kela olmayapti, chunki ularda shunchaki pul yo'q. Hammasining oilasi, bola-chaqasi bor. Bizga kelgan legionerlar esa shu kungacha umuman maosh olgani yo'q. Tasavvur qiling-a, siz xorijga ishlash uchun kelasizu, to'rt oydan beri bir tiyin ham olmaysiz.
Bizga 27 milliondan ajratilishi e'lon qilindi, lekin moliyalashtirish aynan qanday amalga oshirilishi haqida haligacha tayinli javob olganim yo'q. Bu men uchun umuman aqlga sig'maydigan holat. Legionerlar tez orada rasmiy davo arizalari yozishni boshlaydi va biz baribir ularga pul to'lashga majbur bo'lamiz. Agar to'lamasak, klubga transfer taqiqi qo'yiladi yoki musobaqadan chetlatiladi. Ko'ramiz, bundan keyin nima bo'lar ekan.
- Argentinalik va urugvaylik legioner deyarli o'ynamayapti. Ularni qachon maydonda ko'ramiz?
- Men ularni mashg'ulotlarda kuzatib boryapman. Agentlari maoshlar kechikayotgani yuzasidan klubga allaqachon etiroz bildirgan. Ularning kayfiyatidan hozir jamoaga foydasi tegmasligini ko'rib turibman. Bu mashg'ulot jarayonida ham sezilyapti. Tavakkal qilib, ularni bunday holatda maydonga tushirish to'g'ri emas.
Argentinalik o'yinchiga kelsak, u hali bironta ham o'yin o'tkazgani yo'q, doim jarohatda. Har doim qayerdandir jarohat oladi yoki og'rib qoladi. Urugvaylik Mauro o'tgan o'yinda to'pig'idan zarba egan, shuning uchun oxirgi ikki kun umumiy guruhda shug'ullanmadi.
- O'rozov mavsumni yaxshi boshlamadi. Birinchi o'yinda xato qildi, keyin terma jamoaga chaqiruv olib, debyut golini urdi. Bugun esa yana xatoga yo'l qo'ydi. Bunga nima sabab bo'lyapti? MTJ chaqiruvidan so'ng O'rozov yanada ishonchli o'yin namoyish etishi kutilgan edi. Barqaror o'yin namoyish etishiga nima yetishmayapti?
- Bugun u o'ziga xos bo'lmagan xatoga yo'l qo'ydi. Afsuski, bunday xatolar (“Navbahor” bilan o'yinda ham, hozir ham) darhol golga aylanib ketyapti. Bu shunchaki omadsizlik. U terma jamoada ajoyib o'ynab, jamoani qutqarib qolgan edi. Murabbiylik qismati shunaqa. Qayerdadir kimningdir omadi kelsa, bu yerda futbolchi xato qiladi.