Ilyos Zeytullaev: "Ahmadjonov qilgan ishi uchun javob beradi. Maosh berishgandan so'ng u jarima to'laydi. Agar berishsa..."

  • Mr.NoBoDy 15.04.2026 11:08
  • 428
  • 30

"Bunyodkor" bosh murabbiyi Ilyos Zeytullaev Superliganing 7-turidan o'rin olgan "Neftchi"ga qarshi o'yindan so'ng (0:1) matbuot anjmunida ishtirok etdi.

– O'yin haqida...

– O'ylaymanki, o'yin tomoshabop bo'ldi. “Neftchi”ni g'alaba bilan tabriklayman. “Neftchi” bilan o'ynashni barcha yigitlar xohlashgan edi va menimcha, bugun mening futbolchilarim uchun, aytish mumkinki, futbol bayrami bo'ldi, chunki ular bunday o'yinni o'ynashga loyiq edilar. Lekin tan olaman, yigitlar bor kuchlarini berishdi. Shuning uchun jamoam bilan va ular maydonda ko'rsatgan o'yin bilan faxrlanaman. Futbol nuqtayi nazaridan hozircha hech narsa demoqchi emasman. Savollar bering, futbol mavzusidagilariga javob beraman.

– O'yindan oldin “Neftchi” murabbiyi yordamchisi Yurgen Gyode bilan uchrashganingizni ko'rdim. Siz uning qo'l ostida terma jamoada o'ynagansiz. U haqida qanday xotiralaringiz qolgan? Shu haqda qisqacha aytib bersangiz.

– U bilan munosabatlarimiz juda yaxshi. Oxirgi marta ko'rishganimizga balki 15-20 yil bo'lgandir. U bizning yoshlar terma jamoasida jahon chempionatida, keyin milliy terma jamoada murabbiyimiz bo'lgan va u haqda menda juda yaxshi taassurotlar qolgan, chunki u O'zbekistonga ishlashga kelganida, bizga intizomni singdirgan va ko'p narsani o'rgatgan. Shuning uchun, ko'p yillardan so'ng u bilan suhbatlashdik, birga choy ichishga, yaxshi palov eyishga kelishib oldik. Xudo xohlasa, u bilan suhbatlashamiz.

– O'yin so'ngida, ayniqsa oxirgi 10-15 daqiqa haqida so'ramoqchi edim, jamoangiz hisobda ortda borayotgan edi, ammo “Neftchi” hujum qilayotgandi. Bu borada nima deya olasiz?

– Biz hisobda ortda borayotgandik, ammo “Neftchi” hujum qilayotgandi?

– Yani, sizning shogirdlaringiz ko'proq hujum qilishingiz kerak edi, ammo “Neftchi” hujum qildi. Bu borada nima deya olasiz?

– Biz siz bilan ikkita har xil o'yin ko'ribmiz. O'ylaymanki, 0:1 hisobida yutqazayotganimizga qaramay, hujum qilishga harakat qildik. Bu borada nima deyman? O'ylaymanki, yigitlar bor kuchlarini sarflab bo'lishdi va zaxiradan tushgan o'yinchilar ham borlarini berishdi, unutmaylikki, “Neftchi” O'zbekistonning amaldagi chempioni, har bir poziciyadagi o'yinchilar tanlovi juda kuchli, shuning uchun “Neftchi” hujum qilmaganida g'alati bo'lardi. Bu juda g'alati bo'lardi. Lekin, shunga qaramay, biz baribir kurashdik va o'ylaymanki, siz buni tan olishingiz kerak. Agar “Neftchi” hujum qilmaganida, men o'ylanib qolardim.

– Yo'q, men aynan oxirgi 10 daqiqani nazarda tutgandim, “Neftchi” ko'proq hujum qildi va darvozabon Botti juda ko'p seyvlar qildi. Yani, hisob ancha yirikroq bo'lishi mumkin edi.

– Yana takrorlayman, bu “Neftchi” jamoasi. Nima haqida gapirayotganimni tushundingiz deb o'ylayman.

– O'tgan yil ham “Neftchi” bilan ikki marta to'qnash kelgansiz. O'shanda ham “Neftchi” favorit hisoblanardi, ammo "Bunyodkor" ikki o'yinda chempion “Neftchi”dan to'rt ochko olib qo'ygan. Levchenkoning “Neftchi”si bilan hozirgi “Neftchi” o'rtasida qanday farq va o'xshashliklarni ko'rdingiz?

– O'ylashimcha, ikki xil uslubni ko'rdim. Levchenkoda jamoa juda tartibli edi, ayniqsa, himoya borasida, chunki barqaror jamoa edi, ularga qarshi o'ynash juda qiyin edi. Bugungi “Neftchi” biroz boshqacha, chunki butunlay boshqa uslub, hujumkor, lekin o'yinchilar tanlovi ham, albatta, o'z so'zini aytadi, chunki bitta terma jamoa o'yinchisi chiqib, zaxiradan boshqa terma jamoa o'yinchisi tushsa, bu yerda gap shunchaki qandaydir taktika haqida emas, balki o'yinchilar saviyasi hal qiladi. Shuning uchun Myunxenning “Bavariya”si, “Manchester Siti” kabi jamoalar bor. Shuning uchun o'ylaymanki, “Neftchi”, “Navbahor” va “Paxtakor” - bu boshqa daraja. Boshqa klublardan bir pog'ona yuqorida. Lekin, boshqa tomondan, yana takrorlayman, shunga qaramay, biz bugun juda chiroyli futbol ko'rsatdik, juda intensiv. Yigitlar gol o'tkazib yuborgach, 30 daqiqa vaqt qolganida ham hujumlarni to'xtatmadi, oldinga intildi, oxirigacha kurashdi.

– “Lokomotiv” bilan o'yindan keyingi vaziyat haqida so'ramoqchi edim. Abdulla Yo'ldoshev va Narimon Ahmadjonov ziddiyatga borishdi va ular jazolanishdi. Bunday vaziyatga qanday qaraysiz? Bundan tashqari, o'yinchilarga provokaciyalarga berilmaslik haqida maslahatlar berdingizmi?

– Biz, albatta, o'z o'yinchilarimizga nasihat qilamiz, yordam beramiz, chunki u xato qildi va buni tushundi. Provokaciyalarga berilmaslik kerak. U yosh futbolchi, bizning kelajagimiz, O'zbekiston terma jamoasining kelajagi, biz undan juda umidvormiz, lekin xatoga yo'l qo'ydi. Biz u bilan gaplashdik, u tushundi, qachon bizga maosh berishsa, u jarima to'laydi. Qachondir. Agar berishsa. Shuning uchun intizomiy choralar, albatta, ko'riladi. Lekin barcha yosh o'yinchilarimiz provokaciyalarga berilmasliklari kerakligini tushunishlari kerak. U bunga ilinib qoldi... va, albatta, buning uchun javob berishi kerak, lekin bu futbolda bo'lib turadigan holat.

– Oldinda vodiy jamoalariga qarshi o'yinlar kutib turibdi.

– Juda qiyin bo'ladi. Ertaga nima bo'lishini bilmayman, chunki biz... o'zingiz bilasiz, qanday vaziyatdamiz. Shuning uchun men jamoaga minnatdorchilik bildirdim va yigitlar bugun borlarini berishdi, ertaga nima bo'lishini esa bilmaymiz. Men hatto ertaga jamoam bilan nima bo'lishini bilmayman. Chunki ularning uylarida bolalari va oilalari bor, lekin biz haligacha... shuning uchun hozir mening xayolim keyingi raqib “So'g'diyona”da emas, balki yigitlarning oldiga borib, bundan keyin nima bo'lishini aytishda. Hozircha bizda echim yo'q. Men bu yerda qolamanmi-yo'qmi, buni hech kim bilmaydi…

– Bugun Sadriddin Hasanovga bir taym imkon berdingiz. Biz uni o'smirlar o'rtasidagi Osiyo chempionatida porlagan yulduzlardan biri sifatida bilamiz. Uning salohiyatini qanday baholaysiz?

– Mana shunday o'yinlar uning uchun katta tajriba bo'ladi. Agar biz yosh futbolchilarga Superligada o'ynash uchun ishonch bildirmoqchi bo'lsak, ularga shunday imkoniyatlar berishimiz kerak. Sadriddinda va bizning tarkibimizdagi boshqa ko'plab o'yinchilarda o'zini ko'rsatish uchun katta imkoniyat bor. Shuning uchun bunday o'yinlar u o'zini qayerda yaxshilashi kerakligini, mas'uliyatni o'z zimmasiga olishi, ko'proq birga-bir o'ynashi, qo'rqmasligi kerakligini ko'rsatadi, chunki unda istedod bor. Shuning uchun uni hozir shunchaki biroz asrash, himoya qilish va unga o'zini ko'rsatish uchun yana imkoniyat berishdan qo'rqmaslik kerak. Bugun shunchaki “Neftchi” jamoasi kuchliroq edi, shuning uchun u biroz sarosimaga tushib qoldi, lekin uning faoliyatida juda yaxshi kelajak bor, agar u kamtarin bo'lib qolsa, kuchli o'yinchi bo'ladi.

Ўхшаш янгиликлар