
Markaz ma'lumotiga ko'ra, tashkilot futbolning yaxlitligi va halolligini taminlash yo'lida tegishli tashkilotlar bilan doimiy hamkorlikda faoliyat olib boradi. Shu bilan birga, ochiqlik va shaffoflik tamoyillariga amal qilgan holda, har bir tur yakuniga ko'ra bahsli vaziyatlar bo'yicha muntazam ravishda xulosalar berib borishini takidlaydi. Xususan, yuqorida qayd etilgan uchrashuvdagi bahsli vaziyat yuzasidan Ekspert hakamlar guruhi tomonidan avvalroq tegishli xulosa e'lon qilingan edi.
O'zFHM rasmiy xabarida amaldagi FIFA hamda IFAB (Xalqaro futbol assotsiatsiyalari kengashi) talablari va reglamentlariga muvofiq, VAR jarayoniga oid ichki audioyozuvlarni (hakamlar o'rtasidagi muloqotlarni) uchinchi tomonlarga taqdim etish taqiqlanishi eslatib o'tilgan. Ushbu materiallardan faqatgina hakamlik faoliyatiga oid ichki xizmat hujjatlari sifatida foydalanilishi ma'lum qilingan.
Shunday bo'lsa-da, markaz ochiqlik tamoyillaridan kelib chiqib, mazkur vaziyatni O'zbekiston Professional futbol ligasi hamda "Nasaf" futbol klubi vakillari ishtirokida bevosita O'zFHM binosida ko'rib chiqish imkoniyati mavjudligini bildirdi. Ushbu jarayonda epizodni barcha texnik materiallar asosida birgalikda tahlil qilish va mutaxassislar tomonidan tushuntirib berish imkoniyati yaratiladi.
Qo'shimcha qilinishicha, O'zFHM tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun tashkil etiladigan maxsus seminarlar davomida ham o'yinlardagi turli vaziyatlar muntazam tahlil qilib borilmoqda. "Qo'qon-1912" – "Nasaf" uchrashuvidagi mazkur epizod ham OAV vakillari bilan birgalikda tahlil qilinadigan navbatdagi debrifing yig'ilishi rejasiga kiritilgan.
Avvalroq O'zbekiston Professional futbol ligasi bahsli vaziyat bo'yicha VAR audioyozuvlarini talab qilgani, biroq O'zbekiston futbol hakamlari markazi (O'zFHM) turli bahonalar bilan bu jarayonni paysalga solgani haqida xabar bergandi.