Eyden O’Nil: «Avstraliya termasi shunchaki, ishtirok uchun o‘ynamaydi…»

  • Mr.NoBoDy 10.04.2026 09:11
  • 123
  • 30

Katta musobaqalar arafasida futbolchilarning umumiy kayfiyatlari, tayyorgarlik darajalari va shaxsiy hayotlariga alohida nazar tashlash hamisha qiziq. Ayniqsa, maydonda fidoyilik va mehnatkashlik xislatlari bilan ajralib turadigan futbolchilar fikrlari kuchliroq ahamiyat kasb etadi. Bugun MLS kengliklarida «Nyu-York Siti» klubi sharafini himoya qilayotgan Avstraliya milliy jamoasi yarim himoyachisi Eyden O~Nil shunday jonkuyar futbolchilar sirasiga kiradi. E’tiborlisi, u nafaqat maydondagi harakatlari, balki futboldan tashqari hayoti – fermerlik faoliyati bilan ham diqqat markazida. Quyidagi intervyuda esa Eydenning shaxsiy qiziqishlari, JCH-2026, jumladan, AQSH termasiga qarshi kutilayotgan o‘yinga doir umidlari mujassam.

– Bilishimizcha, futboldan tashqari vaqtda fermerlik bilan shug‘ullanar ekansiz. Dastlab shu haqda gapirib bersangiz…

– Ha, chetdan qaraganda, bu ko‘pchilik uchun biroz g‘ayrioddiy holatdek tuyulishi mumkin. Negaki, ko‘plab futbolchilar o‘z sarmoyalarini biznesning boshqa sohalariga tikishadi. Har holda, chorvachilik fermasiga egalik qiladigan futbolchilar juda kam. Men esa bolalikdan tabiat qo‘ynida ter to‘kish, jonzotlarga mehr ko‘rsatishni yaxshi ko‘raman. Xullas, hududi chamasi 170 sotixga teng fermani o‘tgan yili sotib oldim. Hozir u yerda 40 boshcha buzoq bor, yaqin oylarda ular soni yanada ko‘payishi kerak. To‘g‘risi, mashg‘ulotlardan so‘ng fermaga borib, buzoqlarga qarash katta zavq bag‘ishlaydi, bu yumushdan qalbim orom oladi.

– Fermerlik faoliyati futbolga nisbatan e’tiboringizni susaytirmaydimi?

– Yo‘q, aksincha, fermadagi yumushlar ortidan sabr, intizom va javobgarlik odam hayotida nechog‘li muhim ekanligini tobora teran tushunib boryapman. Bu fazilatlar futbolda ham juda muhim. Ayni payt o‘zimni «ishchi – futbolchi» hisoblayman. Ya’ni maydonda jamoa uchun uncha sezilmaydigan, lekin muhim ishlarni bajaraman. Har bir to‘p uchun intilish, oxirigacha kurashish – bular tabiatimga singgan uslub.

– Avstraliya milliy jamoa­si bu safar ham mundialga chiqish missiyasini aytarli muammosiz uddaladi. Xo‘sh, hozirgi kutilmalar, taassurotlar qanday?

– Jahon kubogi starti yaqinlashgan sari mamlakatimizda musobaqaga nisbatan qiziqish ortib bormoqda. Zero, jahon futbol forumi barcha avstraliyaliklar uchun haya­jonli voqelikdir. Aytish kerak, bu safar ham chipta yo‘lida tizimli ravishda ter to‘kdik. O‘ylaymanki, endi tarkibdagi har bir futbolchi o‘ziga beriladigan imkoniyatdan to‘g‘ri foydalanadi va turnirda muvaffaqiyatli ishtirok etishimiz uchun bor salohiyatini ishga soladi. Zotan, jahon chempionati nafaqat katta futbol yarmarkasi, balki nimalarga qodirliging­-ni butun dunyoga isbotlash imkoniyati ham.

– Guruh raundida musobaqa mezbonlaridan biri – AQSH termasi bilan o‘ynaysizlar…

– Juda qiziqarli va keskin o‘yin bo‘lsa kerak. Bu oddiy  to‘qnashuv emas. To‘g‘ri, AQSH termasi kuchli raqib, ayniqsa, o‘z maydonida xavfli. Amerikaliklar bilan avval ham o‘ynaganmiz va o‘sha uchrashuvdan yetarlicha xulosa chiqarganmiz. Nasib etsa, bu safar mezbonlarga qarshi o‘zgacha o‘yin ko‘rsatamiz. Ehtimol, uchrashuv jismonan va ruhan og‘ir o‘tar, lekin stadionda qaynoq muhit hukm surishi tayin.

– Umuman olganda, Avstraliya milliy jamoasining JCH-2026dagi imkoniyatini qanday baholaysiz?

– Bo‘lajak musobaqada har bir o‘yinga jiddiy yondashib, o‘z imkoniyatimizni to‘liq ishga solishimiz shart. Zamonaviy futbolda barchasini nomlar emas, balki harakat, ishtiyoq va uyushqoqlik hal qilayotganini ko‘rib turibmiz. Avstraliya termasi mundialda shunchaki, ishtirok uchun o‘ynamaydi, albatta. Agar turnir oldidan yaxlit jamoa sifatida birlashib, intizomli o‘yin ko‘rsata olsak, katta natijalarga erishishimiz mumkin.

– Final o‘yinini qabul qiladigan Nyu-Jersi shahri haqida qanday fikr­-dasiz?

– Dunyodagi eng yirik sport markazlaridan biri! Shahar ayniqsa, katta musobaqalar vaqti butunlay o‘zgacha joziba bag‘ishlaydi. Ochig‘i, Nyu-Jersida yuzaga keladigan muhitni so‘z bilan ta’riflashim qiyin. Yaxshisi, barchasini bevosita ko‘rish kerak.

MUHAMMADXON tayyorladi

Ўхшаш янгиликлар