Sergey Tokov: "Pul olmayotgan futbolchining miyasida futbol bo'lmaydi"

  • Mr.NoBoDy 03.04.2026 22:08
  • 1179
  • 30

Superliganing 5-turi doirasida "Xorazm" - "Dinamo" uchrashuvidan keyin mezbonlar bosh murabbiyi Sergey Tokov matbuot anjumanida qatnashdi.

- Og'ir o'yin bo'ldi, ayniqsa, ruhiy tomondan. O'tgan safar uyimizda mag'lub bo'lgandik, shu sababli bu safar bizda mag'lub bo'lish huquqi yo'q edi. Shuncha muxlis kelib qo'llab turar ekan, qanaqasiga yutqazishimiz kerak. Umuman olganda muxlislar sonining ortishi orqali o'zbek futboli ham rivojlanadi. Chunki muxlislarga to'la tribuna ostida futbol o'ynash futbolchilarga ham qiziq, ular ham o'sishga erishadi. Bu ham ruhan bosim berdi va bundan yigitlar ajoyib tarzda chiqib ketishdi. Birinchi bo'limda nimalardir o'xshadi, nimalardir yo'q. Ikkinchi taymda esa futbol o'ynashga, himoyada tartibli bo'lishga harakat qildik.

Faqatgina bir xatoga yo'l qo'ydik. Gol o'tkazib yuborgandan keyin o'z vaziyatimizdan foydalandik. Bahs yakuni arafasida yana bir gol urishimiz mumkin edi. Muhimi - qiyin o'yinda g'alaba.

"Dinamo"ni yaxshi bilamiz, tarkibida o'z oldiga yuqori maqsadlarni qo'ygan yaxshi futbolchilari bor jamoa. Kuchli jamoani mag'lub etish yanada yoqimliroq.

- Futbol shunday g'alati sport turiki, doim ham yaxshi o'ynab g'alaba qozonib bo'lmaydi.

- Bu erda gap yaxshi o'yinda emas. Bir jamoa doim ham hujuda o'ynay olmaydi. Ularning raqiblari ham o'yinga tayyorlanadi va jamoa sifatida o'ynaydi. Buni ham hisobga olish kerak. Aksincha, o'ziga vazifa qo'ygan futbolchilarni yoki terma a'zolarini taklif qilsak, keyin ulardan katta bosimni talab qilishimiz mumkin. Bu raqib juda kuchli edi. Birinchi bo'limni ular juda yaxshi o'tkazishdi. Ikkinchi bo'limda esa taktik tomonlama o'zgarishlar qilishdi: bizga hududlar ochib berib, qarshi hujumlarda o'ynashdi. Bizning rejamiz ishlagani ko'rindi. Asosiysi muxlislarga quvonch tuhfa qila oldik.

- Bugungi o'yinda o'zgarishlarni kech amalga oshirdingiz. O'tkazib yuborilgan golning sababi nimada?

- Kim biladi, balki ertaroq o'zgarish amalga oshirganimizda ikkita gol o'tkazib yuborardik. Agarda bunday bo'lsa, nimalar bo'lib ketishini hech kim bilmaydi. Ko'rganingizdek hujumda futbolchilar charchagandan keyin to'p yo'qotishni boshlashdi. Shundan keyin o'zgarish qildik. Bu futbol. O'zgarishlar tezda o'yinga kirishib ketishdi. Ular yaxshi vaziyatlar yaratishdi. Shunda ham vaziyatlardan foydalanish bizning og'riqli nuqtamiz bo'ldi. Ikkinchi golni urgan futbolchi esa o'yinga tushishi bilanoq darvozani ishg'ol qildi. Demak o'zgarishlarni topa oldik.

- Diyor Ortiqboevni asosiy tarkibda maydonga tushirmadingiz. Bu oldindan o'ylanganmidi?

- Bunday paytda, ha, atay uni maydonga tushirmay, g'alaba golini urishini bilgandek, deyishim ham mumkin. Holatdan, raqibning taktikasidan kelib chiqib, uni zaxirada qoldirgandik. O'yinda esa biz bundan foydalandik. Rotaciya doimo foydali bo'lgan. Jamoadagi raqobat borligi seziladi. O'z navbatida futbolchilar ham raqobatni his qilib turishlari va maydondagi joyi uchun kurashishlari kerak.

- Superliganing barcha jamoalariga 35 milliarddan pul berilishi haqida eshitgan bo'lsangiz kerak. Ayrim klublarning byudjeti bundan anchagina katta edi va ular bundan nolishdi. "Xorazm" kabi jamoalar uchun bu summa yaxshimi?

- Hozircha bu haqida gapirish juda qiyin. Klub rahbariyati, viloyat rahbarlariga rahmat aytaman. Ular biz uchun qanchadir pul ajratishdi, lekin buni bilmayman. Pullar tushib, futbolchilarga tarqatilgandan keyin bir nima deyish mumkin. "Dinamo", "Bunyodkor" kabi jamoalar 4 oydan buyon maosh olmayotganini eshitdim. Hozircha hech kimda pul yo'q. Biz esa bunday holatda emasmiz. Bizni yaxshi qo'llab-quvvatlashmoqda. Bu esa bugungi natijada ham ko'rindi. Bizda futbolchilar maosh olishmoqda, ularning kayfiyati yaxshi, ishlari o'ngidan kelmoqda. Maosh olmayotganlar esa miyasida futbol bo'lmaydi, ular oilasini o'ylaydi. Kimdir uyga pul to'laydi, kimdir kredit olgan, uyga ovqat olib kirish uchun pul topish kerak bo'ladi. Bu futbolchining maosh olishiga halaqit qiladi. Balki jamoalar pullarini qo'lga kiritgandan keyin bu muammolar bartaraf qilinishi mumkin.

Ўхшаш янгиликлар

MMA (UFC) videolar

post photo

ММА (UFC) - janglari

UFC 310 Embedded (эпизод 5)

Futbol obzorlar