
AQSH prezidenti Donald Tramp Amerika futboli va Milliy futbol ligasi (NFL) nomini o‘zgartirishni taklif qildi. Bu haqda The Touchline nashri xabar berdi.
Uning fikricha, haqiqiy futbol sifatida mamlakatda sokker deb yuritiladigan sport turi qolishi kerak.
“AQSHda futbol, ya’ni sokker bilan nimalar sodir bo‘layotganiga qarasangiz, biz uni hech qachon o‘z nomi bilan atamayotganga o‘xshaymiz, chunki bizda futbol deb ataladigan boshqa sport turi bor. Lekin o‘ylab ko‘ring, butun dunyo biladigan futbol o‘z nomi bilan atalishi kerak emasmi. Haqiqiy futbol shu. Bunga hech qanday shubha yo‘q. Biz NFL uchun boshqa nom o‘ylab topishimiz kerak”, deydi Tramp.
Xalqaro futbol federasiyasi (FIFA) tinchlik va birdamlik yo‘lida xizmat qilgan insonlarni e’tirof etish maqsadida yangi — “Tinchlik mukofoti”ni ta’sis etgan edi. 2025 yilning 5 dekabr kuni 2026 yilgi Jahon chempionati qur’a tashlash marosimi vaqtida Donald Trampga ushbu mukofot topshirilgan edi.
Avvalroq, Donald Tramp Oq uyda 2025 yilgi MLS kubogi g‘olibi “Inter Mayami” jamoasini qabul qilgan edi. Klub hujumchisi va sardori Lionel Messi ham jamoani sharaflash marosimida qatnashgan.
O‘shanda Tramp o‘zini Amerikaning ilk “futbol prezidenti” sifatida ko‘rsatib 11 iyun kuni start oladigan Jahon chempionati g‘oliblariga kubokni shaxsan topshirishini va FIFA prezidenti Janni Infantino bilan yaqin aloqada ekanini aytib o‘tgan edi.