
“Santos” klubi hujumchisi Neymar Karlo Anchelotti tomonidan 2026 yilgi Jahon chempionati uchun Braziliya terma jamoasining yakuniy ro‘yxatiga kiritilmadi.
Ushbu ma’lumot Milan shahrida o‘tkazilgan italiyalik sobiq murabbiy Arrigo Sakkining 80 yillik yubileyida ishtirok etgan braziliyalik jurnalist Laersio Roma tomonidan sizdirilgan.
Qayd etilishicha, tadbir davomida Sakkiga shaxsan Anchelottining o‘zi qo‘ng‘iroq qilib uni tabriklagan.
Stol atrofidagilar jumladan, Gazzetta dello Sport jurnalisti ham Anchelottining Braziliyadagi ishidan juda mamnun ekanligi, biroq Neymar atrofidagi ulkan bahs-munozaralarni tushunmayotgani haqidagi so‘zlarini eshitishgan.
Har ikkala murabbiy ham hujumchining terma jamoadagi vaqti allaqachon o‘tib bo‘lgan, degan fikrda yakdil ekani ma’lum bo‘lgan.
Avvalroq tarqalgan xabarlarga ko‘ra, hozirda 2026 yilgi Jahon chempionati uchun Braziliya milliy jamoasi qaydnomasidagi ikki bo‘sh o‘ringa uch nafar nomzod borligi ma’lum bo‘lgan edi.
ESPN nashri xabariga ko‘ra, jamoa bosh murabbiyi Karlo Anchelotti 26 kishilik ro‘yxat uchun 24 nafar o‘yinchini allaqachon tanlab bo‘lgan. Faqat biror futbolchining jarohati sababli ro‘yxat o‘zgarishi mumkin.
Manbaga ko‘ra, yarim himoyachi Lukas Paketa (“Flamengo”) hamda hujumchilar Endrik (“Lion”) va Igor Tiago (“Brentford”) mundialda ishtirok etishi mumkin.
Darvozabonlar:
Alisson (“Liverpul”)
Ederson (“Fenerbaxtche”)
Bentu (“Al-Nassr”)
Himoyachilar:
Markinyos (PSJ)
Gabriel Magalyayesh (“Arsenal”)
Eder Militao (“Real”)
Uesli (“Roma”)
Danilo (“Flamengo”)
Aleks Sandro (“Flamengo”)
Leo Pereyra (“Flamengo”)
Bremer (“Yuventus”)
Duglas Santos (“Zenit”)
Yarim himoyachilar:
Kazemiro (“Manchester Yunayted”)
Bruno Gimaraynsh (“Nyukasl”)
Fabinyo (“Al-Ittihod”)
Andrey Santos (“Chelsi”)
Danilo Santos (“Botafogo”)
Hujumchilar:
Estevao (“Chelsi”)
Vinisius Junior (“Real”)
Mateus Kunya (“Manchester Yunayted”)
Luis Enrike (“Zenit”)
Gabriel Martinelli (“Arsenal”)
Joao Pedro (“Chelsi”)
Rafinya (“Barselona”)
Italiyalik mutaxassis darvozabonlar va himoyachilar ro‘yxatini tasdiqlab bo‘lgan, ammo yana ikki nafar hujumchini chaqirish yoki bir nafar hujumchi hamda bir nafar yarim himoyachi tanlash borasida hali qarorga kelmagan.