Sergey Tokov: "Birinchi taym uchun muxlislarimiz oldida uyatdaman. Tarkib yig'ilganiga ikki oy bo'ldi"

  • Mr.NoBoDy 18.03.2026 23:32
  • 3228
  • 30

Superliga 4-turidan o'rin olgan "Xorazm" - "Bunyodkor" (1:2) uchrashuvidan so'ng xorazmliklar bosh murabbiyi Sergey Tokov o'yindan keyingi matbuot anjumanida ishtirok etdi.

"O'yin bosim ostida o'tdi. Birinchi bo'limda juda yomon o'ynadik. Nega bunday bo'lganini ko'rib chiqishimiz kerak. Tanaffusdan so'ng o'zimizga kelib olgandek ko'rindik, ammo biroz omad etishmadi. Balki tajribadir, mahorat. Bu futbol", - dedi Sergey Tokov uchrashuv yakunlangach.

- Raqib birinchi bo'limda ko'p bo'sh zonalarga ega bo'ldi...

- Ha, birinchi taymlarda o'yinimiz chiqmayapti. Balki "nastroy" yaxshi bo'lmayotgandir. Hozir aniq bir javob bera olmayman. Holatni o'rganib chiqib, keyin xulosa qilamiz. Bunday xatolarni to'g'rilashimiz kerak.

- Ikkinchi bo'limda "Bunyodkor" ko'proq himoyalangandek..

- Bunday vaziyatga tayyor emas edik, menimcha. Raqib bunchalik himoyaga o'tib olishini kutmagandik. Barcha jamoalar bunday himoyani yorib o'tishga qiynaladi. Ayniqsa "Bunyodkor"ning markaziy himoyachilari gavdali va bo'yi baland futbolchilar. Keyingi uchrashuvlarda shunday epizodlarni yutish uchun harakat qilamiz.

- "Xorazm" bugungi o'yinda ko'prog'iga loyiq edi deb o'ylaysizmi?

- Ikkinchi taym bo'yicha qaraydigan bo'lsak, ha. Durangga loyiq edik. Birinchi bo'limda ham "Bunyodkor" yaqqol ustunlik qildi demagan bo'lardim. Futbolchining qo'liga to'p tegdi va penalti belgilandi. Hakamlar vaziyatni turli xil baholashadi. Ularning qarori, mening fikrim bilan bir xil bo'lmadi. Men shuni tushunmayman. Ikkinchi taymda esa raqib futbolchining qo'liga to'p tegdi, ammo penalti berilmadi. Ikkinchi vaziyat esa, hujumchimiz raqib jamoasining chap qanot himoyachisidan o'tib ketgandan so'ng fol berildi. Dastlab hakam o'ynashga berdi, keyin esa raqib jamoa kamchilik bo'lganini ko'rib qolib, darhol qoidabuzarlikni qayd etdi. Bilmadim, o'sha vaziyatda biz hujumimizni tugatmasligimiz kerak bo'lganmi deyman. Shunday hissiyot uyg'ondi. Odatda hakamlar vaziyatni oxirigacha kutishadi. Agar gol urilsa, keyin VAR tekshiradi. Agar 100%lik fol bo'lsa, hakam o'sha zahotiyoq hushtagini chaladi. Bilmadim, balki hissiyotlarga berilgandirman. Nima bo'lganda ham javobgarlik bizning bo'ynimizda. Natijaning asosiy omili o'zimiz. Birinchi taym uchun muxlislarimiz oldida uyatdaman. Yangi tarkib shakllanib borayotganini ham hisobga olishimiz kerak. Tarkib bor-yo'g'i ikki oy oldin yig'ildi.

- Endi jamoani katta tanaffus kutib turibdi...

- Yigitlarga 1-2 kun dam beramiz. Hissiyot va charchoq chiqib ketganidan so'ng yana yig'ilamiz. "Dinamo"ga qarshi uchrashuvga tayyorgarlik ko'ramiz.

Ўхшаш янгиликлар

MMA (UFC) videolar

post photo

ММА (UFC) - janglari

UFC 310 Embedded (эпизод 5)

Futbol obzorlar