
- O'yin haqida fikringiz?
- Judayam qiziqarli, shiddatli va kurashlarga boy o'yin bo'ldi. Ikki xil taym ko'rdik. Birinchi bo'limda "Qizilqum" yopiq o'yin ko'rsatib, qarshi hujumda harakat qildi. Ikkinchi bo'limda boshqacha o'yin ko'rdik, raqib ko'proq hujumga chiqib bosim o'tkazdi. O'yindagi yagona golni standart vaziyatdan kiritdik. Ikkinchi bo'limda ham gol urishimiz mumkin edi, lekin hujumni oxirigacha etkaza olmadik. Muhimi, safarda g'alaba qozondik. Bundan oldingi o'yinlarda ham yutqazmasligimiz kerak edi. Lekin bu futbol va shunisi bilan qiziq.
- Aziz Xolmurodovning o'yini haqida fikringiz?
- Azizda biroz jarohat bor edi, shunga qaramay maydonga chiqdi va o'zini ko'rsatishga harakat qildi. Faqat ikkinchi bo'limda yuz foizli imkoniyatdan foydalana olmadi. Shunda yanayam oson bo'lardi.
- O'z paytida jarima to'plarini ustalik bilan tepganingizni ko'rganman. Nahotki hozirgi yoshlarga buni o'rgatib bo'lmasa?
- O'rgatsa bo'ladi, lekin eng muhimi to'g'ri yo'nalish berish. Hammasi insonning o'ziga bog'liq. Biz ham futbolchilarga gapiramiz, to'g'ri yo'l ko'rsatamiz, lekin xulosa chiqarish o'zlaridan. Maydonga tushgandan keyin miyani ishlatish kerak. Bir marta tepib o'xshab qolgan bilan ish bitmaydi. Har kuni buning ustida ishlash kerak: mashg'ulotdan oldin va keyin.
Hozir telefon chiqib ko'plarning xayolini olyapti, telefondagi o'yinlar maydondagi futboldan ko'proq azart beryapti. Ular dendimi nimadir o'ynashadi-yu, raqib bilan tish-tirnog'igacha kurashadi, qaniydi maydonda ham shunday kurash kechsa. Telefondagi o'yinlar yoshlarning miyasini buzyapti.
Muntazam takrorlash - muvaffaqiyat kaliti deb bejiz aytishmagan. Jarima to'plarini zo'r amalga oshirish uchun tinmay takrorlash, shuning ustida ishlash kerak. Miyada hammasi oson, hozir hujumga o'taman va gol uraman deb o'ylaydi, lekin o'yinda qiyin kechadi. Tilda aytish oson, amalda bajarish qiyin. Xudo ham harakatiga qarab nasibaga yarasha beradi.
- Dastlabki to'rtta turni oladigan bo'lsak, har turda darvozabon almashyapti. Bu nima bilan bog'liq? Jamoada asosiy darvozabon bormi yoki kim yaxshi formada bo'lsa o'sha turyaptimi?
- Bizda hamma o'yinchilar asosiy. Faqat kimdir boshlang'ich tarkibda tushadi, kimdir zaxirada qoladi. Bir xil darajadagi darvozabonlarga egamiz deb o'ylayman. Mashg'ulotlarda ko'rib keyin tanlov qilamiz. Hech kimga sen asosiy darvozabon bo'lasan demaganman.
- Bugun "Qizilqum"ning qaysi futbolchisini alohida takidlab o'tgan bo'lardingiz?
- Butun jamoa yaxshi o'ynadi, lekin Kenjaboevni etakchi deb bilaman. Deyarli har bir hujum u orqali tashkil qilinyapti va maydonda katta hajmli ishni bajaryapti.