Ivan Boshkovich: "Mirkovich - yaxshi darvozabon, u moslashuv jarayonini boshdan o'tkazyapti"

  • Mr.NoBoDy 12.03.2026 22:48
  • 612
  • 30

Superliga 3-turdan o'rin olgan OKMK - "So'g'diyona" (2:2) uchrashuvidan keyin matbuot anjumanida jizzaxliklar bosh murabbiyi Ivan Boshkovich ishtirok etdi.

- O'yin haqida fikringiz?

- Har doim bo'lgani kabi OKMK va "So'g'diyona" o'rtasidagi uchrashuv yana qiziq kechdi. Muxlislar qiziqarli bahs guvohi bo'lishdi deb o'ylayman. Intriga o'yin oxirigacha saqlab qolindi. Reja bo'yicha ish olib bordik va birinchi golni urdik. Shundan so'ng raqib tomonidan bosimga duch keldik, havodan ko'p to'p uzatishlar amalga oshirildi, qanotdan va o'rtadan to'p uzatishlarni ko'rdik. G'alabani saqlab qola olmadik, ammo oxirigacha kurashdik. Futbolchilarga etirozim yo'q, bir ochkoni haqli qo'lga kiritdik. FIFA kunlariga qadar yana bitta o'yinimiz qoldi, shu uchrashuvni ham ko'tarinki ruhda o'tkazishga harakat qilamiz.

- Qiziqarli o'yin uchun sizga ham rahmat. Savolim shunday: Lyupcho Doriev almashtirilishi nima bilan bog'liq? Chunki usiz jamoa o'zgarib qoldi.

- Kichik jarohat ro'y berdi. Shu bois futbolchimizning holati bilan tavakkal qilishni xohlamadik. Oldinda "Paxtakor"ga qarshi bahs kutmoqda, shuning uchun Dorievni almashtirdik va keyingi o'yinga saqlashga qaror qildik. Dorievsiz ham jamoa o'ynashda davom etdi. Gol urdik. To'g'ri, Doriev biz uchun muhim futbolchi, uning o'yinchilik mahoratiga ko'z yuma olmaymiz, lekin futbolni butun jamoa o'ynaydi.

- Jamoangiz o'tgan yilgidek mavsumni yomon boshladi. Uchta o'yinda atigi bir ochko va bir nechta gollar o'tkazib yuborish. Bu nima bilan bog'liq?

- Bundan afsuslanish kerak emas deb o'ylayman. Hali oldinda o'yinlar ko'p. Hammaning o'z muammolari bor. Jarohatlar xalal beryapti: Qahramonov, Ivanovichda jarohat bor. Qobilov qizil kartochka olib qoldi. Biz uchun hamma futbolchilar qadrli, zaxiradagilar ham. Shuning uchun dod-faryod chekmoqchi emasmiz. Hamma o'z ishini qilyapti. Rahbariyat bizga eng yaxshi sharoitni qilib berishga harakat qilmoqda. Taslim bo'lganimiz yo'q.

- Mirkovich uch o'yinda 8ta gol o'tkazdi. Unga keyingi uchrashuvda ham ishonasizmi? Umuman jamoada darvozabonlar orasida raqobat qanday?

- Darvozabon uchun gol o'tkazishdan o'tkazmaslik yaxshi degan gap bor. Buni bilamiz. Lekin o'yinda gollarni butun jamoa o'tkazyapti, faqat darvozabon emas. Men ham o'z paytida ko'p yil futbol o'ynaganim uchun maydonda nimalar sodir bo'layotganini juda yaxshi tushunaman. Mirkovich - yaxshi darvozabon, u moslashuv jarayonini boshdan o'tkazyapti. Bu tabiiy hol. Vaqti kelib u ham o'zini ko'rsatadi, mana ko'rasiz. Yaxshi natijalar albatta bo'ladi. Shov-shuv ko'tarish kerak emas, ishlashda davom etsak, hammasi yaxshi bo'ladi.

Ўхшаш янгиликлар

MMA (UFC) videolar

post photo

ММА (UFC) - janglari

UFC 310 Embedded (эпизод 5)

Futbol obzorlar