
Dushanbe shahrida futbol bo'yicha Tojikiston Oliy ligasining 1-tur bahslariga start berildi.
Mavsumning dastlabki markaziy uchrashuvlaridan birida Vitaliy Levchenko boshqaruvidagi Dushanbening "Istiqlol" klubi Tursunzodaning "Sardor" jamoasini qabul qildi.
Uchrashuvda murosa yo'li tanlandi va hisob ochilmadi. Maydon egalari bo'lmish "Istiqlol" futbolchilarining bir qator xavfli hujumlariga qaramay, "Sardor" klubi himoyada ishonchli harakat qilib, o'z darvozasi daxlsizligini saqlab qolishga muvaffaq bo'ldi. Natijada, amaldagi favoritlardan biri hisoblangan "Istiqlol" yangi mavsumni o'z uyida kutilmaganda ochko yo'qotish bilan boshladi.

Eslatib o'tamiz, "Istiqlol" mamlakatning amaldagi chempioni hisoblanadi. "Sardor" esa o'tgan mavsum Birinchi ligada 2-o'rinni egallab, yuqori divizionga yo'l olgandi.