
Championat.asia sayti talqiniga ko'ra, 2-turning eng yaxshi darvozaboni – Umid Hamroev ("Buxoro")
"Buxoro" 2-turda "Navbahor" mehmoni bo'ldi hamda minimal g'alabaga erishdi. Bu g'alabada buxoroliklar posbonining o'rni beqiyos bo'ldi. U namanganliklarga qarshi 5ta seyvni ijro etdi. Ro'ziev, O'rinboev hamda G'iyosovning zarbalaridan keyin jamoasini chiroyli tarzda goldan qutqargan bo'lsa, jamoadoshi Shahboz Jo'rabekovning yaqin masofadan to'pni kutilmaganda o'z darvozasi tomonga burib yuborgandagi qutqaruvi tur seyvi bo'ldi. Shunday qilib, Umid Hamroev Championat.asia ijodkorlari tomonidan tur darvozaboni deb topildi.

Championat.asia sayti talqinida 2-turning eng yaxshi murabbiyi – Aleksandr Xomyakov ("Buxoro")
"Buxoro" ketma-ket ikkinchi turda ham burchak zarbasidan keyin kiritilgan gol evaziga 1:0 hisobida g'alaba qozondi. 2-turda Xomyakov safarda Kapadze boshchiligidagi "Navbahor"ni engdi. Shu tariqa, Aleksandr Xomyakov tur murabbiyi sifatida etirof etildi.

Championat.asia sayti talqiniga ko'ra, 2-turning eng yaxshi futbolchisi – Azizbek Amonov ("Dinamo")
Ilk turda "Navbahor"dan engilgan "Dinamo" bu safar Toshkentda "Bunyodkor"ni 2:1 hisobida taslim qildi. Samarqandliklar tarkibida Azizbek Amonov avvaliga juda chiroyli gol urgan bo'lsa, keyinroq golidan qolishmaydigan assistni ham ijro etib berdi. Kichik jarohat sabab tanaffusda almashtirilgan Amonov 1-bo'limning o'zida bahs taqdirini hal qilib chiqib ketdi. Shu tariqa, Championat.asia xodimlari 28 yoshli futbolchini tur futbolchisi nomiga loyiq ko'rdi.

Championat.asia sayti talqinida 2-turning eng chiroyli goli muallifi – Azizbek Amonov ("Dinamo")
Yuqorida yozib o'tganimizdek, "Dinamo" bu turda "Bunyodkor"ni 2:1 hisobida mag'lubiyatga uchratdi. Shu kuni markaziy hujumda o'ynagan Azizbek Amonov 7-daqiqada to'pni Jahongir Abdusalomovdan qabul qilib oldi va jarima maydonchasi tashqarisidan kuchli zarba bilan hisobni ochdi. Azizbekning sobiq jamoasi darvozasiga yo'llagan ushbu zarbasi turning eng chiroyli goli deb topildi.
