
«Santos» hujumchisi Neymarning oshpazi mehnat shartnomasi talablariga rioya qilinmagani uchun braziliyalik futbolchini sudga berdi. Bu haqda Metrópoles xabar bermoqda.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, ayol futbolchining saroyida kuniga o‘rtacha 14 soatdan ortiq ishlagan. Shu tariqa Neymar mehnat shartnomasini buzgan, chunki unga ko‘ra oshpaz bir kunda 10 soatdan ortiq ishlamasligi kerak edi. Ba’zi hollarda u braziliyalik futbolchi taklif qilgan 150 nafar mehmon uchun taom tayyorlash maqsadida soat 23:00 dan keyin, hatto yarim tungacha qolib ishlashga majbur bo‘lgan. Bundan tashqari, ayol oziq-ovqat mahsulotlarini ham tushirish bilan shug‘ullangan va bu uning umurtqa pog‘onasida muammolar hamda son bo‘g‘imi yallig‘lanishiga olib kelgan.
Da’vogar taxminan 43 ming yevro miqdorida tovon puli to‘lashni talab qilmoqda. Ushbu summa jarimalar, qo‘shimcha ish soatlari va o‘tkazib yuborilgan tanaffuslar uchun to‘lovlar, ma’naviy va sog‘liqqa yetkazilgan zarar uchun kompensasiya, shuningdek tibbiy xarajatlarni o‘z ichiga oladi.