
- Bizga oson bo'lmasligi, qiyin bo'lishi tushunarli edi. O'yin bizning scenariy ostida o'tgani yo'q. Ko'p ishlarimiz o'xshamadi, shoshildik, tezroq o'ynashni istadik. Umuman olganda qaysidir vaziyatlarda hujumda biz hech nima qila olmadik. Ko'p vaqtimizni himoyada o'tkazdik. Himoyadan chiqib, tezkor qarshi hujumlar uyushtira olmadik. Raqib bizga yaxshigina bosim o'tkazdi. Asosan himoyada o'ynaganimiz uchun yigitlarga rahmat aytaman. Ular sabr qilishdi, kutishdi, sovuqqonlik namoyish qilishdi va gol urishga muvaffaq bo'ldik. Muhimi g'alabaga erishdik. Hozir muhimi ochkolarga ega chiqish. Bizning qiladigan ishlarimiz ko'p. Hali jamoani shakllantirish kerak, muammolar etarlicha. Buning ustida ishlash kerak. Yana bir bor yigitlarga rahmat aytaman. G'alabadan juda xursandman.
- Siz Timur Kapadze uchun noqulay raqib hisoblanasiz.
- Bilmadim. Bunday malumotlarni kuzatib bormayman. To'g'risi bu men uchun yangilik bo'ldi. Barcha o'yinlarga doimgidek kayfiyatda bo'lish kerak. Kuchli tomonlarni ko'rsatib, ojiz tomonlarimizni yashirishga harakat qilamiz. Bugun omad biz tomonda bo'ldi. Ayrim vaziyatlarda darvozabonimiz jonimizga oro kirdi. Buni yana bir bor aytaman. Yigitlar - barakalla.

- Ikki g'alabaga jamoaning bahorgi futboli sabab desak bo'ladimi? Vaqt o'tib muammolar sekin-sekin ko'rinishni boshlaydi.
- Fikringizga qo'shilaman. Bahorgi futbol desak ham bo'ladi. Bizda jamoa yangi. Tarkibni yig'ishda muammolar bo'ldi. O'tgan yili biz ligada jon saqlab qolish uchun kurashgandik. Shu sababli kuch to'plab, futbolchi yig'ishga harakat qildik. Hali ham xavotir bor. Boshqa tomondan olib qarasak, yigitlar bir-birini yaxshi tushunmoqda. Xavf bor, muammolar yo'q emas. FIFA kunlarida hali transfer oynasi bor. O'shanda jamoani navbatdagi bosqichga tayyorlaymiz.
- Sobiq darvozabon sifatida Umidjon Hamroevning o'yiniga qanday baho bera olasiz?
- Shak-shubhasiz, uning o'yinidan mamnunman. Lekin biror futbolchini ajratib ko'rsatishni istamagan bo'lardim. Chunki futbol - jamoaviy o'yin va bunda bir kishi jangchi bo'la olmaydi. Darvozabonimiz barqaror o'ynab, jamoani qutqaryapti. Bu yoqimli holat. Uning o'yinidan mamnunman.
- "Buxoro" va boshqa ikki jamoa atrofida bo'layotgan maydondan tashqaridagi gap-so'zlar fonida futbolchilar g'alaba qozonmoqda va birgalikda chiroyli nishonlamoqda. Bu orqali jamoada katta oilaviy muhit hukmron surayotganini ko'rishimiz mumkin. Umuman olganda o'sha gaplar jamoaga qanchalik tasir qilyapti?
- Barchasini to'g'ri tushunib turibman. Futbolchilar bilan bu holatni gaplashib olganmiz. Tashqi gaplarga etibor qilmasdan biz o'z ishimizni qilishimiz kerak, degan hulosaga kelganmiz. Bu holat tez orada ijobiy tarzda bartaraf qilinishi kerak. Shu sababli yana bir bor aytaman - yigitlar professional, ular barchasini to'g'ri tushunadi. Hayotda barchasi bo'lishi mumkin, ular bu holatni xotirjam qabul qilishdi. Shu orqali kollektiv yaxshilanmoqda, biz o'yindan-o'yinga o'zimizga bo'lgan ishonchni orttirib, o'rtadagi iliq oilaviy munosabatlarni yaxshilab boryapmiz. Shu sababli aytaman, hozircha bu savol bizni unchalik qiynamayapti.